на русском  |  o’zbekcha

Qadimgi Yodgorliklar

Milodiy 7 asrgacha

Avesto
«Avesto» — jahon madaniyatining, jumladan, Markaziy Osiyo va Eron xalqlari tarixining qadimgi noyob yodgorligidir. Zardushtlik e`tiqodiga amal qiluvchilarning muqaddas kitobi sifatida Yagona Tangriga topinish shu ta`limotdan boshlangan. Bu kitob tarkibi, ifoda uslubi va timsollar tizimi bilan adabiy manbalarga yaqin turadi. «Avesto»da tilga olingan joy nomlari (Varaxsha, Vaxsh)dan kelib chiqib, uning Amudaryo sohillarida yaratilgani aniqlangan. Shu asosda uning vatani Xorazmdir degan qarash mavjud.

Moniylik tavbanomasi
Moniylik qadimgi turkiy xalqlar e`tiqodida alohida oqim bo`lib, «Xuastuanift» («Moniylik tavbanomasi») uning nazariy manbasi va diniy yodgorligidir. Bu yodgorlik 5-6 asrlarda qadimgi uyg`ur qavmlarida shakllangan.

O`rxun-Enasoy obidalari
O`rxun-Enasoy obidalari 5-7 asrlarda qadimgi turk tilidagi va yozuvidagi tarixiy yodgorlik sifatida qadrli. Mo`g`ulistondagi O`rxun va Janubiy Sibirdagi Enasoy daryolari sohillarida topilgani uchun ham shunday nomlangan. Mo`g`ulistondan Shimoliy dengizlargacha, Uraldan Saxalinga qadar davom etgan hududda shu yozuvdagi yodnomalar uchraydi. Shimoliy Kavkazda 15 asrda ham O`rxun yozuvidan foydalanilgan. O`zbekiston hududida (Farg`ona, Surxondaryo v.b. joylar) dan 20 dan ortiq turkiy-run yozuvi yodgorliklari topilgan.

8-13 asrlar

Ahmad Yassaviy
Ilk turk mutasavvifi, yassaviylik (jahriylik) tariqatining asoschisi, orifona she`riyat boshlovchisi. 11 asrning so`ngida Sayram qishlog`ida Shayx Ibrohim oilasida tug`ilgan. Shayx Arslonbobdan ta`lim olgan. Buxoroda Yusuf Hamadoniyga uchinchi xalfa bo`lgan, shayxlikni Hamadoniyning to`rtinchi xalfasi Abduxoliq G`ijduvoniyga topshirib, Yassiga qaytgan. Oltmish uch yoshida chillaxona qazdirib, «buyuk turk piri olamdan etakni silkkan» (Alisher Navoiy).

O`g`uznoma
«O`g`uznoma» dostoni turkiy xalqlarning kitobiy eposlaridan biridir. Turkiy xalqlar tarixida ikkita kitobiy doston bo`lib, «Dada qo`rqut kitobi» va «O`g`uznoma»dir.

Mahmud Qoshg`ariy
Mahmud ibn Husayn ibn Muhammad al–Qoshg`ariy, qomusiy olim, fiqh va hadis ilmining bilimdoni. Qoshg`arda tug`ilgan (sanasi noma`lum), qoraxoniylar davlatining poytaxti Bolasog`unda yashagan. "Devonu lug`otit-turk" asari (1068) bilan turkshunoslik faniga asos solgan. «Devon»da tilga olingan «Javohirun-nahvi fi lug`atit-turki» («Turkiy tillarning nahv qoidalari») asari bizgacha etib kelmagan.

Yusuf Xos Hojib (Bolasog`uniy)
Ilk turk dostonnavisi Bolasog`unda tug`ilgan, qoraxoniylar saroyida xizmat qilgan. Hijriy 462 (m.1069-70)da yozib tugallangan «Qutadg`u bilig» («Saodatga boshlovchi bilim») asari qoraxoniylar davlatining mustahkam qaror topishiga xizmat qilgan nizomnomadir. Uch nusxasi (Vena, Qohira va Namangan) mavjud. Nisbatan to`lig`i Namangan nusxasi bo`lib, 1923 yili Fitrat tomonidan qo`lga kiritilgan, u O`R FA ShI da saqlanadi. 6329 baytdan iborat, masnaviy (ya`ni aruzning «mutaqoribi musammani mahzuf») vaznida yozilgan

Adib Ahmad Yugnakiy
Adib Ahmad binni Mahmud Yugnakiy, yirik adib, hadisshunos va ta`limiy didaktik adabiyot namoyandasi.

Nosiriddin Rabg`uziy
Yirik adib va dinshunos. Xorazmning Raboti O`g`uz qishlog`ida tug`ilgan, u yerda qozilik qilgan. Mo`g`ul istilosi davrida yaratilgan birdan-bir yirik asar «Kisasul-Rabg`uziy» muallifi. Asar mo`g`ul hukmdori To`qbug`aning topshirig`i bilan hijriy 710 yilda (mil. 1310 yil) yozilgan..

O`zbek Mumtoz Adabiyoti

(XIV Asr-XIX Asrning Birinchi Yarmi)

Temuriylar davri adabiyoti (14-15 asrlar)

Sayfi Saroyi
O`zbek mumtoz adabiyotining iste`dodli vakillaridan biri. Xorazm yaqinidagi Qamishli qishlog`ida tug`ilgan. Oltin O`rda davlatining poytaxti Saroy shahrida yashagan, hayotining so`nggi yillarini Misrda o`tkazgan va u yerda vafot etgan.

Lutfiy
15 asr o`zbek she`riyati takomilida o`ziga xos o`ringa ega, katta iste`dod sohibi, «Malikul-kalom» (Navoiy), tuyuq janrining ustasi.

Xorazmiy
Iste`dodli shoir, temuriylar davri adabiyotining yirik namoyandasi. Xorazmiy — shoirning adabiy taxallusi, ismi va hayoti voqealari ma`lum emas. Birgina asari «Muhabbatnoma» (1353) Sirdaryo bo`ylarida yozilgan va Oltin O`rda hukmdorlaridan Muhammad Xo`jabek (Oltin O`rda xoni Jonibekning o`g`li)ga bag`ishlangan.

Husayniy (Husayn Boyqaro)
Taniqli shoir va davlat arbobi. Hirot yaqinida tug`ilgan. 1469 yildan umrining oxirigacha Xuroson podshohi. Uning hukmdorligi yillarida iqtisodiy va madaniy hayot yaxshilangan. Navoiyning maktabdosh do`sti va homiysi.

Alisher Navoiy
Ulug` o`zbek shoiri, mutafakkiri va davlat arbobi. G`arbda chig`atoy adabiyotining buyuk vakili deb qaraladi, sharqda «nizomi millati va d-din» (din va millatning nizomi) unvoni bilan ulug`lanadi.

Zahiriddin Muhammad Bobur
Ulug` o`zbek shoiri, mutafakkir, tarixchi va davlat arbobi; markazlashgan davlat va boburiylar saltanati asoschisi.

Atoyi
Mumtoz she`riyatda g`azal janrining taraqqiyotiga hissa qo`shgan shoir. Balx shahrida yashagan, yassaviylik tariqati shayxlaridan Ismoil otaning o`g`li. Mirzo Ulug`bek saroyga bir qancha shoir va olimlarni taklif etganda, ular orasida Atoyi ham bor edi.

Sakkokiy
15 asr she`riyatining iste`dodli vakillaridan biri. Mumtoz adabiyot taraqqiyotida g`azalgo`y va qasidanavis shoir sifatida mashhur. Movaraunnahrda tug`ilgan, hayotining asosiy qismini Samarqandda Shohruh Mirzo va Ulug`bek saroyida o`tkazgan.

Gadoiy
O`zbek mumtoz she`riyatining taniqli namoyandasi, 1403-04 yillarda tug`ilganligi taxmin qilinadi. Temuriylar xonadonining vakillaridan biri.

16 asr-19 asrning birinchi yarmi

Shayboniy
Taniqli o`zbek shoiri, davlat arbobi, o`zbekxonlar sulolasining asoschisi, «hazrati imomuz-zamon xalifatur-rahmon» (zamona imomi va xalifasi) unvoniga erishgan.

Muhammad Solih
O`zbek epik she`riyati taraqqiyotida iz qoldirgan iste`dodli shoir, Shayboniy saroyida «amirul-umaro», «malikush-shuaro» unvonlarini olgan.

Ubaydiy
Taniqli shoir, davlat arbobi, tasavvuf adabiyotining namoyandasi. Buxoroda tug`ilgan, Shayboniyxonning jiyani. Buxoro xoni sifatida (1533—1539) mamlakatda obodonchilik va madaniy-ma`rifiy ishlarni yuksaltirgan.

Abulg`ozi Bahodirxon
Mashhur adib, tarixchi olim va davlat arbobi, turkiy xalqlar shajarasining yaratuvchilaridan. Abulg`ozi Bahodirxon Xiva xoni Arabmuhammad oilasida (1603) tug`ildi. O`n uch yoshligidan (1616) boshlab, toj-taxt uchun kurashlarda ishtirok etgan. Abulg`ozi 1644 yilda Xorazm taxtini egallaydi, 20 yil hukmronlik qiladi, 1644 yil aprelda vafot etadi.

So`fi Ollohyor
Yirik o`zbek adibi, tasavvuf adabiyotining namoyandasi. Samarqandning Minglar qishlog`ida (1644) tug`ilgan. O`n yoshlarida Buxoroga o`qishga boradi, 25 yoshida Buxoro bojxonasida bojgir bo`lib ishlaydi. Keyinroq Shayx Navro`z qo`lida 12 yil tahsil oladi. 1721 yilda Surxondaryo Vaxshivorda vafot etadi. Qabri o`sha yerda.

Boborahim Mashrab
Ulug` o`zbek shoiri, tasavvuf adabiyotining yetuk namoyandasi Boborahim Mashrab Mulla Vali oilasida (1653) dunyoga kelgan. Mullo Bozor Oxund qo`lida o`qiydi. 1665 yilda Qashqarga Ofoq Xo`ja huzuriga borib bilimini yanada chuqurlashtiradi. 1673 yildan boshlab umrining oxirigacha qalandarlarcha hayot kechiradi. Balx hokimi Mahmud Qatag`on tomonidan (1711) dorga osiladi.

Muhammadniyoz Nishotiy
Taniqli o`zbek shoiri, liro-epik she`riyat tarraqqiyotida alohida o`ringa ega. Xorazm (1701)da tug`ildi. Ijodiy merosidan lirik she`rlari va «Husnu Dil» dostoni yetib kelgan. She`rlari «G`azaliyot va muxammasoti Nishotiy», «Bayozi mutafarriqa», «Bayozi majmuai ash`or» kabi manbalarda jamlangan. Muhammad Yusuf Chokar tomonidan ko`chirilgan devoni (1903) O`R FA ShI da (inv.1197, 7013,1117, 1027, 7054) saqlanadi.

Xo`janazar Huvaydo
Iste`dodli shoir, tasavvuf adabiyotining yirik namoyandasi. Xo`janazar G`oyibnazar o`g`li Chimyonda (1704) tug`ilgan. Nasl-nasabi o`shlik bo`lib, otasi G`oyibnazar Sharq olamida mashhur qashqarlik Ofoq Xojaning muridi bo`lgan. Huvaydo dastlab Chimyonda, keyin Qo`qon madrasalarida tahsil oldi. Chimyonda (1780) vafot etgan, qabri o`sha yerda.

Nurmuhammad Andalib
Iste`dodli adib, dostonchilik taraqqiyotida alohida o`ringa ega. Xivada tug`ilgan, Xiva va Buxoro madrasalarida ta`lim olgan. Munis va Ogaxiyning «Firdavsul-iqbol», Bayoniyning «Shajarayi Xorazmshohiy» asarlarida fikrlar bor.

Shermuhammad Munis
Yirik o`zbek shoiri, tarixnavis, davlat arbobi Shermuhammad Munis Xiva yaqinidagi Qiyt qishlog`ida Avazbiy mirob oilasida (1778) tug`ildi. 1800 yilda otasi va og`a-inilari vafot etadi. Xorazmda Avazbiy inoq, va uning o`g`li Eltuzarxon davrida yashadi, saroyda bosh mirob vazifasini bajardi. Munis «Firdavsul-iqbol» nomli tarixiy asarini Eltuzarxonning taklifi bilan yozishni boshlaydi. Unda qadimiy tarixdan boshlab 1813 yilgacha bo`lgan voqealarni yozib qoldiradi. Asarni Ogahiy yakunlaydi. Munis 51 yoshida vabo kasalidan vafot etadi.

Jahon otin Uvaysiy
Atoqli shoira, o`zbek shoirlari murabbiysi Jahonotin Uvaysiy Marg`ilonda tug`ilgan. Otasi Siddiq bobo ikki tilda she`rlar yozgan. Onasi Chinnibibi otinoyi bo`lib, akasi Oxunjon hofiz sifatida mashhur edi. Uvaysiyni Hojixon ismli kosibga uzatishgan, biroq shaxsiy hayoti quvonchli kechmagan. U Nodira bilan hamdardlikda Qo`qonda xon saroyida yashay boshlaydi. 65 yoshligida Marg`ilonda vafot etadi.

Amiriy (Amir Umarxon)
Yirik o`zbek shoiri, adabiy maktab asoschisi, tarixnavis va davlat arbobi. Amirsaid Muhammad Umarxon Qo`qonda tug`ilgan, Qo`qon xoni Olimxonning ukasi. Davlat arbobi sifatida Marg`ilon hokimi (1807—1810), Qo`qon xoni (1810-22) bo`lgan. 1808 yilda Andijon hokimi Rahmonqulibiyning qizi Mohlaroyim (Nodira) ga uylangan. «Devon» tartib bergan, «Umarnoma» dostonining muallifi. Asarlari turli bayozlarda ham e`lon qilingan, uning torshirig`i bilan «Muhabbatnoma» majmuasi tartib berilib, Usmonli xalifasi Maxmud II ga tortiq qilingan.

Nodira (Komila)
Taniqli shoira, davlat arbobi. Asl ismi Mohlaroyim, Andijon hokimi Rahmonqulibiy oilasida dunyoga keldi. 1808 yilda o`sha paytda Marg`ilon hokimi bo`lgan Amir Umarxonga turmushga chiqadi. 1810 yilda akasi Olimxon o`rniga taxtga chiqqan Umarxon bilan Qo`qonga keladi. 1822 yil Umarxonning fojeali vafotidan so`ng o`g`li Ma`dalixon bilan birga Qo`qon xonligini boshqaradi. Madrasa, masjid, karvonsaroylar qurdiradi. Ilm ahliga rahnamolik, faqirlarga homiylik qiladi. 1842 yil Buxoro xoni Amir Nasrulloh tomonidan qatl etiladi.

Muhammadsharif Gulxaniy
Taniqli o`zbek adibi, o`zbek adabiyotida satirik maktab yaratuvchilaridan biri. O`ratepada (ayrim manbalarda Namangan viloyatida) tug`ilgan, hayot yillari noma`lum. Turk va fors tillarida asarlar bitgan. «Zarbulmasal» asari Umarxonning torshirig`i bilan yozilgan. U haqda Fazliyning «Majmuai shoiron», Vozehning «Tuhfatul-ahbob», Avazmuhammad Attorning «Tarixi jahonnoma» asarlarida ma`lumot bor.

Muhammad Rizo Ogahiy
Ulug` o`zbek shoiri, tarixnavis, tarjima maktabining asoschisi va davlat arbobi Muhammad Rizo Ogahiy Xiva yaqinidagi Qiyot qishlog`ida Erniyozbek mirob oilasida (1809) tug`ildi. Uch yoshligida otasi o`lib, amakisi Munis tarbiyasida qoldi. 1829 yilda Munis vafotidan keyin Ogahiy bosh miroblik vazifasiga tayinlandi. 1857 yilda miroblikdan iste`fo beradi. Qolgan umrini ijodga bag`ishlaydi. 1874 yilda 65 yoshida vafot etadi.

Yangi O`zbek Adabiyoti

Milliy uyg`onish davri (19 asrning ikkinchi yarmi 20 asrning boshi)

Komil Xorazmiy
Komil 1825 yilda Xivada tavallud topgan. U Muhammad Rahimxon soniy (Feruz) zamonasida mirzaboshi, devonbegi lavozimlarida ishlagan.

Muhyiddin Muhyi
Muhyi Qo`qon adabiy muhitiga mansub shoir bo`lib, ikki tilda ijod qilgan. She`rlari turli mavzularda. Asosan ishq, tarkidunyochilik va xilvatnishinlik kayfiyatida.

Yusuf Saryomiy
Saryomiy 19 asrning ikkinchi yarmi va 20 asr boshlari o`zbek adabiyotining vakili. Shoir muhr yasash va xattotlik qilish bilan hayot kechirgan.

Feruz (Muhammad Rahimxon II)
Feruz shoh-shoir. Xiva xoni. Adabiyot va san`at rahnamosi, musiqashunos, mohir sozanda va bastakor, san`atkor ham talabchan muxlis bo`lgan.

Muqimiy
Muqimiy milliy uyg`onish davri o`zbek adabiyotining zabardast vakillaridan biri.

Zavqiy
Zavqiy lirik shoir. Shoir ijodida muhabbat lirikasi asosiy o`rin egallaydi. Zavqiyning «Kelmasa kelmasun netay?» radifli g`azali o`zbek mumtoz adabiyotining go`zal an`analarini davom ettirib yozilgan asar hisoblanadi.

Furqat
Zokirjon Xolmuhammad o`g`li Furqat — milliy uyg`onish davri o`zbek adabiyotining zabardast vakillaridan biri. U shoir va adib, adabiyotshunos va muarrix, elshunos va mutarjim sifatida o`zidan boy ma`naviy meros qoldirdi. Shuningdek, Furqat zamonasining mashhur xattotlaridan edi.

Is'hoqxon Ibrat
Ishoqxon Ibrat 19 asr ikkinchi yarmi va 20 asr boshlarida yashab ijod etgan ma`rifatparvar shoir, publitsist, tarixshunos, tilshunos, olim, sayyoh, ilk o`zbek matbaachilaridan.

Ahmad Tabibiy
Tabibiy Xorazm adabiy muhitiga mansub shoir. Tabibiy ijodida tazkiranavislik an`analari o`z rivojini topdi.

Anbar otin
Anbar Otin-XIX asr ikkinchi yarmi XX asr boshlarida yashab ijod etgan shoira.

Jadid adabiyoti davri (1905—1930 yillar)

Siddiqiy Ajziy
Siddiqiy Ajziy 1864 yilda Samarqandda tug`ilgan. Madrasa ta`limini olgan.

Karimbek Kamiy
Karimbek Sharifbek o`g`li Kamiy — Milliy uyg`onish davri o`zbek adabiyoti birinchi davriga mansub shoirlardan biri.

Mahmudho`ja Behbudiy
Behbudiy Turkistonda jadidchilik harakatining rahnamosi. Yoshligida tog`asi Muhammad Siddiq huzurida ta`lim olgan. Keyinchalik mirzalik vazifasida ishlab, so`ngra muftiylik lavozimiga o`tadi.

Munavvarqori Abdurashidxon o`g`li
Munavvarqori 1878 yili Toshkentda tug`ilgan. 1931 yil 23 mayida Moskvaning mashhur Butirkasida otilib, Vagankovo qabristoniga pinhona ko`mildi.

Abdulla Avloniy
Abdulla Avloniy 1878 yil 12 iyulida Toshkentda Mergancha mahallasida tug`ildi. Madrasa ta`limini oldi.

So`fizoda, Muhammadsharif
Muhammadsharif So`fizoda 1880 yilda Chustda hunarmand oilasida tug`ildi.

Tavallo
To`lagan Xo`jamyorov Tavallo 1883 yili Ko`kcha dahasida dunyoga keldi. «Beklarbegi» madrasasida, rus-tuzem maktabida o`qidi. 1910-yillardan vaqtli matbuotda she`r va maqolalari bosila boshlagan. 1914 yili Toshkentda «Nashriyot» shirkatini tuzishda ishtirok etadi. 1915 yilda esa «Turon» jamiyatida faoliyat ko`rsatadi.

Hoji Muin
Hoji Muin milliy uyg`onish davri Samarqand adabiy muhitining samarali ijod etgan iste`dodli vakili, jurnalist, shoir, dramaturg va tarjimon.

Sidqiy Hondayliqiy
Sidqiy Xondayliqiy 1884 yilda tug`ildi. 1903 yilda o`qishni davom ettirish niyatida Toshkentga keladi. Ayni paytda she`r mashq qila boshlaydi. Tarjima bilan shug`ullanadi.

Abdurauf Fitrat
Fitrat O`rta Osiyo jadidchilik harakatining mashhur vakillaridan, yangi o`zbek adabiyotining asoschilaridan, usuli jadid maktablarining nazariyotchisi va amaliyotchisi, dramaturg, nosir, shoir va olim.

Hamza Hakimzoda Niyoziy
Hamza jadid adabiyoti namoyandasi, shoir, dramaturg, adib va muallim.

Abdulla Qodiriy
Abdulla Qodiriy o`zbek milliy romanchiligining asoschisi, publitsist, hajv ustasi, tilshunos va tarjimon.

Saidahmad Vasliy Samarqandiy
Saidahmad Vasliy Samarqandiy 19 asrning ikkinchi yarmi va 20 asrning boshlari Samarqand adabiy muhitiga mansub ijodkor. Muallimlik qilgan.

Abdulhamid Sulaymon o`g`li Cho`lpon
O`zbek yangi she`riyatining asoschilaridan biri, dramaturg, nosir, publitsist va tarjimon.

Sovet davri adabiyoti (20 asrning 30-80 yillari)

G`afur G`ulom
1903 yilning 10 mayida Toshkent shahrida tug`ilgan. «Shum bola» (1936) avtobiografik qissasida ijodkorning bolaligi, asr boshidagi Toshkent hayoti tiniq tasvirlangan.

Oybek
Oybek — 1905 yilda 10 yanvarda Toshkentning Govkush mahallasida tug`ilgan Muso Toshmuhammadning adabiy taxallusi. «Bolalik xotiralarim» (1963) asarida bolaligini: ota-onasi, qarindoshlari, 20 asr boshidagi Toshkent va uning atrofidagi qishloq, kentlarni, ilk sabog`i, saboqdoshlarini tasvirlaydi.

Abdulla Qahhor
Talantli o`zbek yozuvchisi. 1907 yil 17 sentyabrda Qo`qonda tug`ildi. Oldin eski maktabda, «Istiqbol» maktab-internatida, so`ngra Qo`qon pedtexnikumida o`qidi. 1925 yilda Toshkentga kelib, turli tahririyatlarda mehnat qildi. 1926—1930 yillarda O`rta Osiyo davlat universitetining pedagogika fakultetida tahsil oldi. Umri mobaynida turli ijodiy muassasalarda ishladi.

Mirkarim Osim
Toshkentda ziyoli oilasida tug`ildi. «Shamsulurfon» maktabida, Narimonov nomli texnikumda (1924) o`qidi. San`at, adabiyot, milliy tarixga qiziqdi. Maktabda dars berdi, tadqiqot institutida ilmiy xodim bo`ldi, matbuot tahririyatlarida ishladi.

Maqsud Shayxzoda
Taniqli shoir va dramaturg. U aslida ozarbayjon millatiga mansub bo`lib, 1908 yilda Oqtosh shahrida vrach oilasida tug`ilgan. O`rta ma`lumotni Oqtoshda olgan 1921—1925 yillarda Boku dorulmualliminida o`qigan. Keyin Dog`istonning Darband, Bo`ynoq shaharlarida muallimlik qilgan. Shu davrda millatchi sifatida sudlanib, Toshkentga surgun qilinadi. Turli tahririyatlarda xizmat qiladi. 1938 yildan to umrining oxirigacha Nizomiy nomidagi pedagogika institutida ishladi. 50-yillarning boshida sho`rolarga qarshi faoliyatda ayblanib, 25 yilga qamaldi. Shaxsga sig`inish fosh etilgach, 1956 yilda qamoqdan chiqarildi.

Hamid Olimjon
Iste`dodli shoir. Lirik she`rlari bilan 20 asr o`zbek adabiyotiga munosib hissa qo`shgan. 1909 yilning 12 dekabrida Jizzaxda tug`ilgan. Boshlang`ich ta`limdan so`ng 20-yillarning oxirida tahsilni Samarqanddagi pedakademiyada davom ettirgan. «Ko`klam» nomli birinchi she`riy to`plami 1928 yilda bosilib chiqqan. She`rlarida lirik pafos yetakchilik qiladi. 30-yillarda shodlik va baxt kuychisi sifatida tanildi.

Mirtemir
O`zbek she`riyati taraqqiyotida o`ziga xos o`rin tutgan shoir Mirtemir Tursunov 1910 yilning 10 mayida Turkiston shahri yaqinidagi Iqon qishlog`ida tug`ildi. O`n bir yoshida qishlog`idan Toshkentga keldi va Almaiy nomidagi maktabda tahsil ko`rdi. 1925 yilda o`zbek erlar bilim yurtiga kirib, uni 1929 yilda tugatdi. 1929 yilda Samarqanddagi pedakademiyaga o`qishga kirdi. 30-yillar boshida Mirtemir sud qilinib, qamoq muddatini mashhur Belomorkanal qurilishida o`tadi. Shoir ozod etilgach, turli o`quv muassasalarida o`qituvchi, teatrlarda emakdosh, radio va nashriyot tahririyatlarida muharrir bo`lib ishladi. 1978 yil 23 yanvar kuni vafot etdi.

Izzat Sulton
Adabiyotshunos, tanqidchi, dramaturg Izzat Otaxonovich Sultonov 1910 yilda O`sh shahrida tug`ildi. 14 yoshida Toshkentga kelgan o`spirin «Narimonov» nomli maktabda o`qidi, ta`lim-tarbiya texnikumini bitirdi (1929), maktabda o`qituvchi bo`ldi (1930). 1930 yilda SAGUning ijtimoiy fakultetiga o`qishga kirdi. «Batrak» gazetasida mas`ul kotib bo`ldi (1931). 1932 yilda o`zining ilk adabiy-tanqidiy maqolasini «Qizil O`zbekiston» gazetasida chop ettirdi. Aspiranturadagi o`qishni (1934—1937) jurnalistlik, tanqidchilik faoliyati bilan qo`shib olib bordi: «Kambag`al dehqon» gazetasi tahririyatida ishladi. 1937 yildan Izzat Sultonovning qizg`in ijtimoiy faoliyati boshlandi: Til va adabiyot institutining direktor o`rinbosari (1937—1942), O`zbekiston respublikasi Xalq komissarlari soyuzi qoshidagi radioeshittirish Davlat qo`mitasi raisi muovini (1942—1943), Toshkent badiiy filmlar studiyasi direktori (1943—1945), O`zbekiston Ministrlar Soveti raisining madaniyat ishlari bo`yicha o`rinbosari (1945-19

Usmon Nosir
20 asr o`zbek she`riyatiga chaqmoqdek kirib kelgan va yashindek qisqa ijodiy umr kechirgan talantli shoir Usmon Nosir 1912 yilning 13 noyabrida Namanganda tug`ildi. Otasidan etim qolgan Usmon Nosir Qo`qondagi bolalar uyida tarbiyalanadi. Iste`dodli o`spirin u yerda rus va jahon adabiyotining sara namunalari bilan tanishadi. Internatni bitirgach, 1931 yildan Samarqanddagi O`zbekiston davlat universiteti(O`zDU)ning filologiya fakultetida o`qidi.

Zulfiya
O`zbek shoirasi. 1915 yilning 1 martida Toshkentda tug`ilgan. O`rta maktabdan so`ng pedagogika institutida va aspiranturada ta`lim olgan. 1938—1948 yillarda Bolalar nashriyotida muharrir, keyinchalik O`zdavnashrda bo`lim boshlig`i, 1950 yildan 1980 yilga qadar «Saodat» jurnalida ishlagan. 1996 yilda vafot etgan.

Nazarmat
Nazarmat (Egamnazarov Nazarmat) 1917 yil Nov qishlog`ida dehqon oilasida tug`ildi. O`rta ma`lumotni o`z qishlog`ida, oliy ma`lumotni Samarqand Davlat universiteti filologiya fakultetida oldi (1936—1941). Urush qatnashchisi, leytenant, vzvod komanderi, moto-o`qchi batalon komandiri o`rinbosari (1942—1944), o`zbek tilida chop etilfdigan harbiy gazeta muhbiri (1945). Orden va medallar bilan taqdirlangan.

Matyoqub Qo'shjonov
O`zbek adabiyotshunosi va munaqqidi. 1918 yil 5 mayda hozirgi Turkmaniston Respublikasining Toshhovuz viloyati Hallang qishlog`ida tug`ilgan. Filologiya fanlari doktori (1972), O`zbekiston Respublikasi FAning a`zosi (1979), O`zbekiston Respublikasi fan arbobi (1978), Hamza nomidagi Davlat mukofoti laureati (1977).

Asqad Muxtor
Shoir va yozuvchi. 1920 yilning 23 dekabrida Farg`ona shahrida tug`ilgan. Bolalar uyida tarbiyalangan. 1936 yilda maktabni bitirgan. Toshkentda jurnalistika kursida o`qigan. So`ng 1938 yilda Samarqanddagi O`zDU filologiya fakultetiga o`qishga kiradi. 1943—1945 yillarda Andijon pedogogika institutida o`zbek tili va adabiyoti kafedrasida mudir bo`lib ishlagan.

Said Ahmad
Mashhur o`zbek adibi Said Ahmad (Saidahmad Husanxo`jaev) 1920 yilning 10 iyunida Toshkent shahrining «Samarqand darvoza» mahallasida tug`ilgan.

Shukrullo
Shukrullo (Shukrullo Yusupov) 1921 yil 2 sentyabrda Toshkentning Olmazor mahallasida ziyoli oilada tug`ildi. Otasi — Yusufho`ja Mahmudho`ja o`g`li emchi bo`lgan. Onasi — Zaynabxon ham ilmli ayol bo`lgan.

Mirmuhsin
Mirmuhsin (Mirsaidov) 1921 yil 3 mayda Toshkentning Kesakqo`rg`on mahallasida kulol oilasida tug`ildi. Eski shahardagi 1-maktabni, Toshkent pedagogika instituning Til va adabiyot fakultetini tugatgan. U O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasida, «Qizil O`zbekiston» gazetasi tahririyatida ishlagan, uzoq muddat «Sharq Yulduzi», «Mushtum» va «Guliston» jurnallarining bosh muharriri bo`lgan.

Odil Yoqubov
Odil Yoqubov 1926 yili Qozog`istonning Turkiston viloyatida ziyoli oilasida tug`ilgan. Ikkinchi jahon urushi boshlangach, urushda qatnashish uchun yoshini katta ko`rsatib, Yaponiya frontiga jo`nagan. 1945 yildan 1950 yilgacha haqiqiy harbiy xizmatda bo`ldi. 1951—1956 yillar mobaynida O`rta Osiyo Davlat universiiteti (hozirgi Milliy universitet)da ta`lim olgan. «Literaturnaya gazeta»ning O`zbekiston bo`yicha muxbiri, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, «O`zbekiston adabiyoti va san`ati» gazetasi bosh muharriri va boshqa mas`ul vazifalarda ishlagan.

Pirimqul Qodirov
Pirimqul Qodirov 1928 yil 25 oktyabrda Turkiston tizma tog`i etagidagi Kengqo`l qishlog`ida tug`ildi. 1951 yildan O`rta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi O`zMU) sharqshunoslik fakultetini va 1954 yili Moskvadagi Adabiyot institutining aspiranturasini bitirgan. Filologiya fanlari nomzodi.

Ibrohim G`ofurov
Yozuvchi tarjimon, tanqidchi Ibrohim G`ofurov 1937 yil 27 dekabrda Toshkentda hunarmand oilasida tug`ildi. O`rta maktabni tugatgach, 1956—1961 yillarda SAGU (hozirgi O`zMU) ning filologiya fakultetida o`qidi. 1961—1982 yillarda Davlat badiiy adabiyot nashriyotida kichik muharrir, tahririyat mudiri, bosh muharrir o`rinbosari lavozimlarida ishladi.

Mustaqillik davri adabiyoti (20 asrning 90-yillaridan)

Rauf Parfi (1943-2005)
Rauf Parfi (taxallusi - O’zturk) 1943 yil 27 sentyabrda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumaniga qarashli Sho‘ralisoy qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi Parfi Muhammadamin savodli bo‘lib, Farg‘onaning Vodil qishlog‘idan sho‘rolar quvg‘ini tufayli Sho‘ralisoyga kelib qolgan. Onasi - Sakinaxonim Isabek qizi ham asli Farg‘onadan edi. Rauf 1958 yilda 8-sinfni tugatgach, o‘qishni Yangiyo‘l shahridagi kechki maktabda davom ettiradi, mehnat faoliyatini boshlaydi. Shoir 1960-1965 yillarda ToshDUning filologiya fakultetini tamomlagan (diplom ololmagan). Rauf Parfi gazetalarda, Kinematografiya davlat qo‘mitasida, G’afur G’ulom nashriyotida, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasida, shu uyushmadagi Targ‘ibot markazida, «Jahon adabiyoti» jurnalida (1997-1999) ishladi. Rauf Parfi «O’zbekiston xalq shoiri» dir (1999). U 1992 yilda xalqaro Mahmud Qoshg‘ariy sovriniga sazovor bo‘lgan. Rauf Parfi Bayronning «Manfred», Nozim Hikmatning «Inson manzaralari», Mahmud Hodiyning «Ozodlik lavhalari» («Alvohi intiboh»), Karlo Kaladzening «Dengiz xayoli», A. Dyumaning «Uch sarboz» va boshqa asarlarni o‘zbek tiliga o‘girgan. Asarlari: «Karvon yo‘li» (1969, birinchi she’riy kitobi), «Aks - sado» (1970), «Tasvir» (1973), «Xotirot» (1974), «Ko‘zlar» (1976), «Qaytish» (1981), «Sabr daraxti» (1986), «Sukunat» (1989), «Tavba» (2000) kabi to‘plamlari, «Sukunat» (1991), «Adashgan ruh» dostoni, «Hijrat», «Men yolg‘izman», «Pag‘a-pag‘a oppoq qor yog‘ar», «Ona Turkiston» (1992), «Turkiston ruhi» (1993), «Saylanma» (1993), «Tong otmoqda», «Shoir», «Xato qildim», «Cho‘lpon», «Yomg‘ir yog‘ar» (bunda yomg‘ir ilhomning ramzi) kabi she’rlari, «Abdullajon» marsiyasi va boshq.

Xurshid Davron
Xurshid Davron(1952-yil 20-yanvarda Samarqandda tug`ilgan) - o`zbek shoiri, jurnalisti, tarixchisi,tasavvufshunosi, yozuvchisi va tarjimoni. Xurshid Davronning butun ijodi ona Turkiston va Samarqand tarixi bilan yo`g`rilgan. Uning "Samarqand xayoli", "Sohibqiron nabirasi", "Shahidlar shohi yohud Shayx Kubro tushlari" asarlari Amir Temur, Mirzo Ulug`bek, Mirzo Bobur hayoti va faoliyaning ayrim bosqichlariga, Turkiston tasavvuf maktablari tarixiga bag`ishlangan. Xurshid Davron dramaturgiya sohasida ham ijod qiladi. "Bobur sog`inchi", "Alg`ul yulduzi" (Mirzo Ulug`bek) p`yesalarining muallifi. "Bobur sog`inchi" asari 2003-yilda Muqimiy nomidagi musiqiy-drama teatri va 2004-yilda O`zbekiston san`at institutining talabalar teatri sahnasida qo`yilgan. Chop etilgan kitoblari: "Qadrdon quyosh" - She'rlar to'plami,1979 "Shahardagi olma daraxti - "She'rlar to'plami,1979 "Tungi bog'lar" - She'rlar to'plami,1981 "Uchib boraman qushlar bilan" - She'rlar to'plami,1983 "To'marisning ko'zlari" - She'rlar to'plami,1984 "Bolalikning ovozi" - She'rlar to'plami,1986 "Qaqnus" - She'rlar to'plami,1987 "Полет одинокой птицы" - Сборник стихов,1989 "Samarqand xayoli" - Ma'rifiy maqolalar,esselar va tarixiy qissalar,1991 "Sohibqiron nabirasi" - Tarixiy hikoylar va qissalar,1995 "Shahidlar shohi" (Shayx Kubro tushlari" - Tarixiy-ma'rifiy qissa,1998 "Bahordan bir kun oldin" - She'rlar to'plami,1997 "Bibixonim qissasi" - Tarixiy hikoyalar va qissalar,2007 "Shayx Kubro tushlari" - Tarixiy-ma'rifiy qissa,ikkinchi nasr,2008 Shuningdek,Xurshid Davronning o'ndan ortiq jahon adabiyotidan qilgan tarjimalari ham nashr etilgan.

Shavkat Rahmon (1950-1996)
XX asr o‘zbek she’riyatining o‘ziga xos vakili, millatparvar shoir Shavkat Rahmon 1950 yil 12 sentyabrda O’sh shahrida tug‘ilgan. Otasi Rahmonberdi va onasi Oftobxon asli shahrixonlik edilar. 1966 yil o‘rta maktabni bitirgach, ikki yil ketma-ket ToshDUning filologiya fakultetiga o‘kishga hujjat topshiradi, lekin tanlovdan o‘ta olmaydi. Matbuotda Moskvadagi Adabiyot institutiga tanlov e’lon qilingach, o‘z she’rlarini yuboradi va tanlovdan o‘tadi. U yerda tengdoshlari Halima Xudoyberdieva, Murod Muxammad Do‘st, Sobit Madaliev kabi adiblar bilan yonma-yon saboq oladi. 1975 yilda o‘qishni tugatib, Toshkentga keladi va bir qator nashriyotlarda muharrirlik qiladi. Shavkat Rahmon 1996 yil 2 oktyabrda uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng vafot etdi. 1996 yilda shoirga «O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni berildi, vafotidan so‘ng «Saylanma» si (1997) nashr qilindi. Asarlari: «Rangin lahzalar» (1978), «Yurak qirralari» (1981), «Ochiq kunlar» (1984), «Gullayotgan tosh» (1985), «Uyg‘oq tog‘lar» (1986), «Xulvo» (1987) kabi she’riy kitoblari, Federiko Garsia Lorka she’rlari tarjimalari va boshq.

Husniddin Sharipov
1933 yil 10 fevralda Namanganning Pop shahrida tug`ildi. Namangan qishloq xo`jalik texnikumini (1949) va Toshkent qishloq xo`jalik institutini (1954) tugatgan. O`rmon-melioratsiya injeneri.

Omon Muxtor
Omon Muxtor (Omonov Muxtor Sulaymonovich) 1941 yil 16 iyulda Buxoro shahrida tug`ilgan. 1958 yil maktabni, 1964 yil Toshkent Davlat Universiteti jurnalistika bo`limini tugatgan. Bolalar gazetasi, O`zbekiston radiosi, Kino qo`mitasida ishlagan. Adabiyot nashriyotida muharrirlik qilgan. 1983 yildan «Sharq yulduzi» jurnalida ishlab keladi. Hozirgi kunda jurnalning Bosh muharriri.

Usmon Azim
Shoir, dramaturg, kinodramaturg va nosir. 1950 yil Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida tug`ilgan. 1972 yil Toshkent Davlat Universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan.

Halima Hudoyberdieva
Shoira Halima Hudoyberdieva 1947 yil 17 mayda Boyovutdagi «Taraqqiyot» jamoa xo`jaligida tug`ilgan. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O`zMU)ning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Mehnat faoliyatini «Saodat» jurnalida bo`lim boshlig`iligidan boshlagan (1972). Talabalik yillarida «Ilk muhabbat» (1968) she`riy to`plami chop etildi. Shoiraning «Oq olmalar» (1973), «Chaman» (1974) to`plamlari izma-iz bosildi. Halima birdan o`ziga xos shoira sifatida tanildi. 1975—1977 yillarda Moskvadagi Adabiyot institutining Oliy Adabiyot kursida o`qidi. Shu yillarda shoiraning «Beliye yabloki» (Sovetskiy pisatel, 1977), «Suyanch tog`larim» (1976), «Bobo quyosh» (1977) to`plamlari bosildi.

Ozod Sharafiddinov
Adabiyotshunos, adabiy tanqidchi O.Sharafiddinov 1929 yil 1 martda Qo`qon yaqinidagi Oxunqaynar qishlog`ida tug`ildi. Toshkentdagi 14-o`rta maktabni, O`rta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi O`zMU) filologiya fakultetini tugatdi (1951). Moskvada aspiranturani tugatdi, fan nomzodi ilmiy darajasini oldi (1955). Ozod Sharafiddinov poeziya muammolari bilan shug`ullandi, o`zbek she`riyati va uning holati haqida adabiy-tanqidiy maqolalar yozdi. O`sha davrdagi ilmiy-ijodiy, adabiy-tanqidiy izlanishlari «Zamon. Qalb. Poeziya» (1962) asarida o`z aksini topgan. XX asrning 60-80 yillarida u Cho`lpon hayoti va ijodini targ`ib qilishga intildi. O. Sharafiddinov o`zbek adabiyotining Oybek, G`afur G`ulom, Abdulla Qahhor, Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya singari namoyandalari haqida adabiy portretlar yaratdi: «Iste`dod jilolari» (1976), «Adabiy etyudlar» (1968), «Abdulla Qahhor» (1988), «Birinchi mo`jiza» (1979). Olim ijodida o`zga adabiyotlar namoyandalari ijodi haqida yaratilgan «Yalovbardorlar» (1974)

Umarali Normatov
Adabiyotshunos, tanqidchi Umarali Normatov 1931 yil 3 yanvarda Farg`ona viloyatining Rapqon qishlog`ida tug`ilgan. O`rta Osiyo Davlat universiteti (hozirgu O`zMU) filologiya fakultetini tugatgan (1952—1957), aspiranturasida ta`lim olgan (1959—1962).

Naim Karimov
O`zbek adabiyotshunosi Naim Fatihovich Karimov 1932 yil 12 dekabrda Toshkentda ziyoli oilada tug`uldi. U 1955 yilda SAGU (hozirgi O`zbekiston Milliy universiteti) filologiya fakultetini tamomlagan.

Yo'ldosh Sulaymon
Yo`ldosh Sulaymon (Yo`ldoshali Sulaymonov)1935 yli 12 avgustda Farg`ona viloyatining O`zbekiston tumanidagi Mingtosh Qishlog`ida dehqon oilasida tavallud topgan. Uning hayotga, adabiyotga qiziqishi odamlarga muhabbati o`quvchilik chog`larida (1944—1954) shakllangan edi. Farg`ona institutida o`qigan yillarida (1955—1960) ilk she`rlari, hikoyalari, maqolalari matbuotda chop etila boshladi. Institutni tugatgach, u 27 yil «Farg`ona haqiqati»(sobiq «Kommuna») gazetasi tahririyatida mehnat qildi.

Erkin Vohidov
Taniqli o`zbek shoiri va jamoat arbobi. 1936 yilning 28 dekabrida Oltiariq tumanida o`qituvchi oilasida tug`ilgan. To`qqiz yoshida otasidan, bir yildan so`ng onasidan ajralgan. Toshkentlik tog`asi Karimboy Sohiboev qo`lida tarbiyalangan. ToshDU (hozirgi O`zMU)ning o`zbek filologiyasi fakultetida (1955—1960) tahsil olgan. So`ng turli nashriyot va gazeta-jurnallarda ishladi. Respublikamiz yoshlarining birinchi jurnali «Yoshlik»ning asoschisi (1982).

Tursunboy Adashboyev
Shoir Tursunboy Adashboev 1939 yil 1 yanvarda Qirg`izistonning Jalolobod viloyatiga qarashli Olabuqa tumanidagi Safed Bulon qishlog`ida tug`ilgan. O`rta maktabni tugatgach, ToshDU (hozirgi O`zMU) ning jurnalistika fakultetida (1962—1968) o`qigan. Moskvadagi Adabiyot institutida ham tahsil olgan.

Shukur Holmirzaev
Iste`dodli o`zbek yozuvchisi. 194O yilning 24 martida Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi Shahidlar qishlog`ida tug`ilgan. 1957—1962 yillarda ToshDU (hozirgi O`zMU)ning filologiya fakultetiga o`qigan. So`ng Toshkentdagi bir qator nashriyot va gazeta-jurnallarning tahririyatlarida ishladi.

Abdulla Oripov
Atoqli o`zbek shoiri va jamoat arbobi. U hozirgi o`zbek she`riyatida inson qalbidagi murakkablik va ziddiyatlarni teran, haqqoniy o`ziga xos betakror kuylagan ulkan ijodkordir. Abdula Oripov hozirgi o`zbek she`riyatiga yangicha badiiy tafakkur yo`sinlarini olib kirdi. U tub mohiyati bilan Yassaviy, Navoiy, Bobur, Cho`lpon, G`. G`ulom singari ijodkorlar badiiy an`analarining davomchisidir. Shoirning butkul ijodi milliylik ruhi bilan sug`orilgan.

O`tkir Hoshimov
Taniqli o`zbek yozuvchisi va jamoat arbobi. 1941 yili 4 avgustda Toshkentda Do`mbirobod mahallasida tug`ilgan. Toshkent Davlat universiteti filologiya fakultetida o`qigan. Turli tahririyat va nashriyotlarda ishlagan. Hozirgi kunda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qo`mita raisi.

Oydin Hojieva
1942 yil 22 aprelda Buxoroning Qiziltepa tumanidagi Hojayi Bo`ston qishlog`ida tug`ildi. 1965 yilda ToshDU (hozirgi O`zMU)ning filologiya fakultetini bitirdi.

Begali Qosimov
Adabiyotshunos Begali Qosimov 1942 yil 19 dekabrda Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumani Devov qishlog`ida tug`ilgan. Ilmiy-pedagogik faoliyati O`zbekiston Milliy umiversiteti o`zbek filologiyasi fakulteti bilan bog`liq: 1958—1963 yillarda talaba, 1963—1968 yillarda aspirant, 1966 yildan o`qituvchi, dotsent, professor, kafedra mudiri lavozimlarida ishlab kelmoqda.

Muhammad Ali
Muhammad Ali (Muhammad Ali Ahmedov)1942 yil 13 martda Andijonning Bo`z tumanida tug`lgan. U shoir, yozuvchi, olim va jamoat arbobi. Bekoboddagi o`rta maktabni (1959), Moskvadagi Gorkiy nomidagi adabiyot institutini (1996) tamomlagan. Qisqa muddat Andijon va Farg`ona viloyatlari maktablarida o`qituvchilik qilgan. Adabiyot va san`at nashriyotida muharrir, bo`lim mudiri, professor (1993—1994), Halqaro oltin me`ros hayriya jamg`armasi boshqaruvi raisi (1992—2002) bo`lib faoliyat ko`rsatgan. 2003 yildan u halqaro Amir Temur hayriya jamg`armasi boshqaruvi raisi.

Tohir Malik
Tohir Malik Abdumalik o`g`li Habilovning adabiy taxallusi, Toshkentda tug`ilgan, Toshkent Davlat Universiteti (hozirgi O`zbekiston Milliy Universiteti)ning jurnalistika fakulteti kechki bo`limida o`qidi, kunduzi qurilishda ishladi. 1966 yildan beri O`zbekiston radiosida, gazeta va jurnallar tahririyatida, O`zbekiston yozuvchilar uyushmasida, nashriyotlarda ishladi. Hozir «Sharq» NMAK Bosh tahririyatida muharrir.

Anvar Obidjon
Anvar Obidjon 1947 yil 8-yanvarda fargona viloyati Oltiariq tumanidagi Polog`on qishlog`ida dunyoga kelgan. O`rta maktabda o`qib yurganida «G`uncha» jurnalida «Shkafjon» nomli birinchi she`ri bosilgan (1960). Anvar 1946—1966 yillarida Samarqand moliya texnikumida, 1973—1979 yillarda ToshDUning jurnalistika fakutetida sirtdan o`qigan.

Tog`ay Murod
Tog`ay Murod — Tog`aymurod Mengnorovning taxallusi. U 1948 yili Surxondaryoning Denov tumanidagi Xo`jasoat qishlog`ida tug`ilgan. Qishlog`idagi 43-maktabni bitirgach (1966), Toshkent Dablat universiteti (hozirgi O`zMU)ning jurnalistika fakultetida o`qigan (1966—1972). U respublika radiosida muharrir (1972—1976), «O`zbekiston fizkulturachsi» gazetasida tarjmon (1976—1978), «Fan va turmush» jurnalida bo`lim muharriri (1982—1984) bo`lgan. 1985—1987 yillarda Moskvadagi Adabiyot institutida o`qigan.

Azim Suyun
Azim Suyun (Azimboy Alimovich Suyunov) 1948 yil Samarqand viloyatiga qarashli Nakurt qishlog`ida tug`ilgan. Oliy ma`lumotli. 1977 yilda Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O`zMU)ning jurnalistika fakultetini bitirgan. I chaqiriq O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati.

Rahimjon Otaev (Otauli)
O’zbekiston davlat mustaqilligi yillarida faol ijod qilayotgan taniqli adib, tarjimon, publitsist va munaqqid. U 1949 yilda Chimkent viloyatining Turkiston tumanidagi Chipon qishlog’ida tug’ilgan. 1973 yilda hozirgi O’zbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. O’rta maktabda o’qituvchi, O’zbekiston Xalq ta’limi vazirligida uslubchi, Respublika Matbuot va axborot agentligida maslahatchi muharrir bo’lib ishlagan. 1983 yildan buyon O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasida xizmat qiladi.

Erkin A`zam
1950 yil 10 avgustda tog`li Boysunda tug`ildi 1972 yil Toshkent Davlat universiteti (Xozir O`zbekiston Milliy Universiteti)ning jurnalistika fakultetini tamomladi. Respublika radiosida muharrir, «Guliston» va «Yoshlik» jurnallarida bo`lim muharriri, G`afur G`ulom nomidagi Adabiyot va sanat nashriyotida tahririyat mudiri bo`ldi. 1992—1994 yillarda O`zbekiston milliy axborot agentligida bosh direktori o`rinbosari. 1995 yildan «Tafakkur» jurnali bosh muharriri I, II chaqiriq O`zbekiston Oliy Majlisi derutati.

Sharof Boshbekov
Samarqand viloyati Bulung`ur tumanidagi G`ubir qishlog`ida 1951 yil 4 yanvarda tug`ildi. 1974 yili San`at institutining musiqali aktyorlik bo`limini tugatdi. Toshkentdagi «Muqimiy» musiqali teatrida, Gulistondagi teatrda aktyor sifatida faoliyat ko`rsatdi. O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasida (1983—1985) O`zbekiston Milliy teatrida (1986—1987) adabiy xodim bo`ldi.

Xurshid Do`stmuhammad
Yozuvchi Xurshid Do`stmuhammad (Xurshid Do`stmuhammedov) 1951yilda Toshkent shahrida tug`lgan. O`rta maktabni, Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O`zMU) Jurnalistika fakultetini tamomlagan (1968—1973). Filologiya fanlari nomzodi «Fan va turmush» jurnalida bo`lim muharriri (1973—1984), «Yosh kuch» jurnalida bo`lim muharriri, bosh muharrir o`rinbosari, bosh muharrir (1986—1995) bo`lib ishlagan.

Muhammad Yusuf
1954 yil 26 aprelda Andijonning Marhamat tumanida tug`ildi. Toshkentdagi rus tili va adabiyoti institutini tamomladi (1978). Respublika kitobsevarlar jamiyatida (1978—1980), «Toshkent oqshomi» gazetasida (1980—1986), Adabiyot va san`at nashriyotida, «O`zbekiston ovozi» gazetasida (1986—1993) ishladi.

Hayriddin Sultonov
Toshkent viloyati Qibray tumanidagi Tuzel qishlog`ida 1956 yil 18 yanvarda tug`ilgan. 1973 yilda Parkentdagi maktabni tugatgach, ToshDU (hozirgi O`zMU)ning jurnalistika fakultetiga o`qishga kirdi (1972). U «Guliston» (1974—1980), «Yoshlik» (1982—1985) jurnallarida, Adabiyot va san`at nashriyotida (1980—1982, 1985—1993) faoliyat ko`rsatdi.