Zulfiya
Zulfiya (1915—1996) Oʻzbek shoirasi. 1915 yilning 1 martida Toshkentda tugʻilgan. Oʻrta maktabdan soʻng pedagogika institutida va aspiranturada taʼlim olgan. 1938—1948 yillarda Bolalar nashriyotida muharrir, keyinchalik Oʻzdavnashrda boʻlim boshligʻi, 1950 yildan 1980 yilga qadar «Saodat» jurnalida ishlagan. 1996 yilda vafot etgan.1932 yilda «Hayot varaqlari» nomli birinchi sheʼriy toʻplami bosilgan. Soʻngra uning «Yuragimga yaqin kishilar», «Yurak hamisha yoʻlda», «Kamalak» singari koʻplab sheʼriy toʻplamlari va turkumlari nashr etiladi.
Xalq orasida «Oydinda», «Sensiz», «Yurak», «Falak», «Bahor keldi seni soʻroqlab», «Oʻgʻirlamang qalamim bir kun», «Boʻm-boʻsh qolibdi bir varaq qogʻoz» kabi sheʼrlari, «Oʻgʻlim, sira boʻlmaydi urush», «Mushoira» kabi sheʼrlari mashhur. «Uni Farhod der edilar», «Quyoshli qalam», «Xotiram siniqlari» kabi lirik va liro-epik dostonlar muallifi. 1935 yilda shoir Hamid Olimjon bilan turmush qurgan va uning bevaqt vofotidan soʻng koʻplab mahzun sheʼrlar yaratgan. Pushkin, Lermontov, Nekrasov, L. Ukrainka, V. Inber va boshqa koʻplab shoirlarning asarlaridan namunalarni oʻzbek tiliga tarjima qilgan.
Shoira adabiy-ijtimoiy faoliyati uchun koʻpgina davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.