Adib Ahmad Yugnakiy
Adib Ahmad Yugnakiy (XII — XIII asrlar) Adib Ahmad binni Mahmud Yugnakiy, yirik adib, hadisshunos va taʼlimiy didaktik adabiyot namoyandasi.
Fargʻona vodiysining Yugʻnoq qishlogʻida tugʻilgan, «Hibatul-haqoyiq» («Haqiqat sovgʻalari») asari Fargʻona hukmdori Dod Sipohsolor bekka bagʻishlangan.
Navoiyning taʼriflashicha, tugʻma koʻr boʻlgan. Asarning arab va uygʻur yozuvidagi qoʻlyozma nusxalari (XV asrda koʻchirilgan) Istanbulda saqlanadi. Asar 14 bobni tashkil qilgan Qurʼon va Hadis hikmatlarining badiiy sharhidir.
Taʼlimiy doston janriga mansub bu asarda ijtimoiy, siyosiy masalalar bayon qilingan, bilim foydasi va til odobi kabi axloqiy muammolar talqini berilgan. Adib Ahmad yashagan davri va joyi haqida adabiyotshunoslikda turli qarashlar mavjud. Asarining toʻla matni (izoh va nasriy bayon) eʼlon qilingan, rus olimlari S.Malov, E.Bertels, N.Baskakov, I.Stebleva; turk olimlari F.Koʻprulu, N.Osimbek, R.R.Arat, T.Takin va oʻzbek olimlari Fitrat, Q.Mahmudov, I.Haqqulov, M.Imomnazarov, H.Boltaboevning tadqiqot va maqolalari bor.