E-MAIL
Foydali saytlar

Gov

Press-Service

ZiyoNet

Uza

Uza

www.edu.uz

www.vak.uz

www.pedagog.uz

Umumiy ma`lumotlar

universitet haqida, rasmiy rekvizitlar, nizom, rektorat, universitet tuzilmasi, hukumat qarorlari ijrosi, kengashlar, yangiliklar

Abiturientlar uchun

yo`riqnoma, test topshirish, qabul komissiyasining axborot xizmati, mutaxassisliklar, yo`nalishlar, o`tiladigan darslar, imtiyozlar, ikkinchi mutaxassisliklar, universitet qoidalari

Talabalar uchun

talabalar uchun yo`riqnoma, baholash tizimi, stipendiyalar, magistratura, aspirantura, ijtimoiy muhofaza, talabalar turar joylari, dars jadvallari, kutubxonalar va a'zolik

O`qituvchilar uchun

shartnomalar ko`rinishi, baholash tizimi, malaka oshirish va qayta tayyorlash, o`tkazilayotgan tadbirlar

Ilmiy faoliyat

ilmiy bo`lim, markazlar va laboratoriyalar, konferensiya va seminarlar, himoya hujjatlari, ilmiy ishlar kengashlari, himoyaga oid e`lonlar, talabalarning ilmiy faoliyati, ochiq darslar, innovatsion faoliyat, loyihalar

Xalqaro aloqalar

jalb etilgan sarmoyalar, loyihalar, xorijiy talabalarni o`qitish

Madaniy-ma`rifiy faoliyat

madaniy tadbirlar, madaniyat va ma`rifat markazlari, talabalar hayoti, sport tadbirlari

Axborot resurslari

darsliklar, ma`ruza matnlari, qo`llanmalar, laboratoriya va amaliy ishlar, o`quv uslubiy qo`llanmalar, badiiy asarlar, referatlar, taqdimotlar, magistrlik dissertatsiyalari

Internet resurslar

o`zbek adabiyoti, yubiley, tematik saytlar, fakultet saytlari

Bizning faxrimiz

akademiklar, rektorlar, fan doktorlari, professorlar

Universitet muzeylari

noyob qo`lyozmalar, tarix, geologiya, zoologiya muzeylari

Yangiliklar

fakultetlar va universitet yangiliklari

E`lonlar
 
|
barcha e`lonlar
Xorazm viloyati kengashining sessiyasi

15, 2008


A.To‘rayev olgan surat

15 fevral kuni Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi.

Xorazm viloyatining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi, bu o‘lkada mavjud bo‘lgan barcha imkoniyatlarni ishga solish, yer osti, yer usti boyliklaridan oqilona foydalanish, yangi ish joylarini tashkil qilish va shular hisobidan shu zaminda yashayotgan odamlarning hayot darajasi va madaniyatini yuksaltirish, ularni rozi qilish har doim bizning eng muhim va dolzarb vazifamiz bo‘lib kelmoqda, dedi Prezident.

Ana shu maqsadlarga erishish yo‘lida ko‘zga ko‘rinarli ishlar amalga oshirilmoqda, ularning sur’at va samarasi viloyat hayotida, odamlarning kundalik turmushida o‘z ifodasini topmoqda.

Xorazm vohasining oxirgi yillarda erishgan marralari haqida gapirganda, bir muhim fikrni alohida ta’kidlash zarur. Ya’ni, iqtisodiyotning o‘sish sur’atlari, keng ko‘lamda olib borilayotgan islohotlarning amaliy natijalari, yangi-yangi qurilishlar, viloyat markazi, shahar va tumanlarning qiyofasi tobora obod bo‘lib borayotgani, qishloq xo‘jaligi sohasida nisbatan og‘ir sharoitga qaramasdan, hosildorlik va mehnat unumdorligini ko‘tarish borasida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar Xorazmning boshqa viloyatlardan kam bo‘lmasdan, izchil rivojlanayotganidan dalolat beradi. Shu borada ba’zi bir raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2007 yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulotning salkam 8 foizga, sanoat – 11,8 foizga, kapital qurilish – 11,6 foizga, pullik xizmat ko‘rsatish sohasi – 19,7 foizga o‘sganini alohida ta’kidlash lozim.

Ayniqsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning viloyat yalpi hududiy mahsuloti tarkibidagi ulushi respublikada eng yuqori ko‘rsatkichni, ya’ni 64,4 foizni tashkil etgani yoki bir yilda ikki barobar o‘sgani, hududdagi mavjud qo‘shma korxonalarning eksportdagi hissasi ortib borayotgani – bunday yutuqlarning ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin – bularning barchasi viloyatning barqaror sur’atlar bilan rivojlanib borayotganini ko‘rsatib turibdi, deya qayd etdi davlatimiz rahbari.

Qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan tub islohotlar natijasida bugun viloyatda 19 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklari faoliyat yuritmoqda, eng muhimi, ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha zarur shart-sharoit, ta’minot shoxobchalari va infratuzilma yaratib berilgan.

Xorazm viloyatida ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholining kundalik ehtiyojlarini ta’minlash bilan bog‘liq dolzarb muammolarni yechish yo‘lida ham ko‘pgina ishlar qilinmoqda. Vohaning murakkab tabiiy sharoitida qishloq joylarda yashayotgan odamlarning og‘irini yengil qilish, aholini tabiiy gaz va toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalalariga ustuvor ahamiyat berilmoqda.

Shu borada 2007 yilda viloyatda 490 ming kvadrat metr uy-joy barpo etildi, 46 kilometrlik ichimlik suvi, 46,4 kilometrlik tabiiy gaz tarmoqlari foydalanishga topshirildi.

Ayniqsa, aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, hududning sanitariya va gigiyena holatini yaxshilashga qaratilgan “Toza suv, sanitariya va aholi salomatligi” loyihasi doirasidagi tadbirlar o‘zining ijobiy natijasini bermoqda.

Qadimdan ilmu ma’rifat, yuksak ma’naviyat maskani bo‘lib kelgan Xorazm zaminida yoshlarimizni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, eng avvalo, ularga zamonaviy bilim berish, zarur kasb-hunarlarga o‘rgatish borasida qo‘lga kiritayotgan ulkan yutuqlarimiz barchamizga mamnuniyat bag‘ishlaydi. Xususan, birgina o‘tgan yilning o‘zida bu yerda 5 ming 400 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan 8 ta kasb-hunar kolleji, 555 o‘quvchi ta’lim oladigan 1 ta akademik litsey barpo etildi, 9 ming 800 o‘rinli 32 ta maktab yangitdan qurildi va kapital ta’mirlandi.

Biz bu o‘zgarishlarning barchasini yosh avlodimizning hech kimdan kam bo‘lmay voyaga yetishi, ularning mustaqil hayotga dadil kirib borishiga mustahkam poydevor yaratish maqsadida amalga oshirayotgan eng katta ishlarimiz, deb baholaymiz, dedi Islom Karimov.

Davlatimiz, jamiyatimizning bebaho boyligi bo‘lgan inson salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha ham keyingi yillarda viloyatda e’tiborga loyiq ishlar qilinmoqda.

Jumladan, Respublika ixtisoslashgan urologiya markazi va Shoshilinch tibbiy yordam markazining Urganch filiallari, viloyat markaziy bolalar shifoxonasi, kardioxirurgiya bo‘limi, onkologiya shifoxonasi, “Xonqa sanatoriysi” kabi zamonaviy tibbiyot maskanlari foydalanishga topshirilganini sog‘liqni saqlash sohasida olib borayotgan islohotlarimizning amaliy natijasi sifatida e’tirof etish o‘rinlidir.

Shular qatorida 2007 yilda 2 ta qishloq vrachlik punkti barpo etilib, ularning umumiy soni 65 taga yetgani aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Xorazm viloyatining iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlash, aholining hayot sifatini yaxshilash yo‘lida qilingan ana shunday ishlarni tan olish bilan birga, bu yerda hali-beri yechilmagan masalalar va odamlarni qiynab kelayotgan ko‘pgina muammolar borligini, ularni hal etishga yetarli darajada e’tibor berilmayotganini ham qayd etish zarur, dedi Prezident.

Bu haqda gapirganda, birinchi navbatda, sanoat sohasida oqsoqlik holatlari mavjudligini ochiq aytish kerak. Buni yalpi hududiy mahsulot tarkibida sanoatning ulushi oxirgi 7 yil davomida o‘zgarmasdan, 8 foiz darajasida qolib kelayotgani ham isbotlaydi.

Viloyatda ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanmaslik surunkali tus olayotgani tashvish uyg‘otadi. Masalan, mavjud quvvatlardan un ishlab chiqarishda 41 foiz, o‘simlik moyi bo‘yicha 54 foiz, gilam va gilam mahsulotlari tayyorlash bo‘yicha 42 foiz, trikotaj buyumlari ishlab chiqarishda 40 foiz, omuxta yem tayyorlashda esa 12 foiz foydalanilmoqda, xolos.

Bunga ko‘p hollarda xomashyo va resurslar yetishmasligi sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Lekin, aslida, buning sababi ishni zamonaviy asosda, to‘g‘ri tashkil etolmaslik, izlanuvchanlik, tashabbus va tadbirkorlikning yetishmasligida, desak, o‘ylaymanki, yanglishmagan bo‘lamiz.

Viloyatda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasidagi ishlar ham talabga javob bermaydi. Misol uchun, 2007 yilda viloyat bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilingan investitsiya miqdori mamlakatimiz miqyosidagi ko‘rsatkichning atigi 1,4 foizini tashkil etishi albatta hech kimni qoniqtirmaydi.

O‘tgan yili bevosita Xorazm viloyati hokimligi tashabbusi bilan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi bironta ham loyiha amalga oshirilmagan.

Garchi 2007 yil yakunlari bo‘yicha viloyat dotatsiyadan chiqqan bo‘lsa-da, bir qator tumanlar, xususan, Gurlan, Shovot, Yangiariq, Qo‘shko‘pir va Yangibozor tumanlari hamon dotatsiyada qolib kelayotganini afsus bilan qayd etish kerak.

Shundan so‘ng Prezident Xorazm iqtisodiyotining rivojlanishi va aholining asosiy daromad manbai bo‘lmish, viloyat yalpi hududiy mahsulotining 41,5 foizini tashkil etadigan yetakchi tarmoq – qishloq xo‘jaligidagi ishlarning ahvoli haqida to‘xtalib o‘tdi.

Hozirgi paytda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligidagi eng katta muammo – bu yerlarning meliorativ holati tobora yomonlashib, tuproq unumdorligi, uning boniteti pasayib borayotgani bilan bog‘liq. Bu muammo, ayniqsa, Xorazm vohasi uchun qanchalik muhim va dolzarb ekani to‘g‘risida gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi.

Bugungi kunda viloyatda 28 ming gektar yoki 10 foizdan ortiq sug‘oriladigan yerning meliorativ holati qoniqarsiz ahvolda bo‘lib, bu, o‘z navbatida, qishloq xo‘jaligi rivojiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini barchamiz yaxshi tushunamiz. Respublika miqyosida esa bu ko‘rsatkich 8 foizni tashkil etmoqda.

Xorazmdagi vaziyatning murakkab tomoni shundaki, dehqonchilik qilinadigan yerlarning salkam 60 foizi o‘rtacha va kuchli darajada sho‘rlangan. 220 ming gektardan ortiq sug‘oriladigan maydonlarda yer osti suvlari o‘ta yaqin, ya’ni bir yarim-ikki metr chuqurlikda joylashgani ham bu sohada qo‘shimcha qiyinchiliklarni tug‘dirmoqda.

Natijada keyingi 10 yilda sug‘oriladigan maydonlarning o‘rtacha yer boniteti viloyat bo‘yicha 2 ballga, Qo‘shko‘pir va Urganch, Hazorasp va Xonqa, Xiva va Yangiariq tumanlarida esa 6 ballgacha pasayib ketgani kuzatilmoqda.

Agar bu o‘tkir masala haqida bugun o‘ylamasak, dedi davlatimiz rahbari, bu muammo yildan-yilga kuchayib qanday salbiy oqibatlarga olib kelishini tasavvur qilish qiyin emas. Barchamizga ayonki, Xorazm zaminida odamlar kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay fidokorona mehnat qilmoqda, mirishkor dehqonlar, mohir fermerlar haqiqiy jasorat namunasini ko‘rsatmoqda. Lekin shunday bir sharoitda yerlarning meliorativ holati ana shu mehnatning samarasidan to‘liq bahramand bo‘lish, yetarli daromad olish va sohani barqaror rivojlantirishga g‘ov bo‘lib turibdi.

Shuning uchun ham yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha yaqinda qabul qilingan davlat dasturida boshqa hudud va mintaqalar qatorida bu masalada Xorazm viloyatida yuzaga kelgan ahvolni tubdan o‘zgartirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Xususan, 2008-2012 yillarda viloyat bo‘yicha qariyb 40 milliard so‘m, jumladan, 2008 yilning o‘zida 6 milliard so‘m hajmidagi melioratsiya ishlari amalga oshiriladi. Bu esa boshqa viloyatlarga nisbatan ikki barobar ko‘p demakdir. Shuni ham ta’kidlash kerakki, keyingi ikki yil davomida viloyatga 50 dan ortiq xorijda ishlab chiqarilgan zamonaviy melioratsiya texnikalari olib kelindi. Kelgusida yana 20 ta ana shunday texnika sotib olish mo‘ljallanmoqda.

Bundan tashqari, 165 ming gektar sug‘oriladigan yerlarning suv ta’minotini yaxshilash maqsadida 60 million AQSH dollariga teng loyiha ishlari amalga oshiriladi.

Hech shubhasiz, belgilangan ana shunday kompleks dasturlar viloyat qishloq xo‘jaligidagi mavjud vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish, hosildorlikni ko‘tarish, eng muhimi, dehqonlarimizning o‘z mehnatidan har tomonlama manfaat topishi uchun yangi imkoniyatlar ochib beradi.

Yurtboshimiz majlis ahli e’tiborini yana bir muammoga qaratdi. Bu viloyatda paxtachilik sohasidagi ahvol bilan bog‘liq. So‘nggi yillarda vohada paxta hosildorligi surunkasiga pasayib bormoqda. Keyingi to‘rt yil davomida hosildorlik o‘rtacha 1,3 sentnerga kamaydi. Ayniqsa, Qo‘shko‘pir, Urganch va Hazorasp tumanlarida hosildorlik darajasi past bo‘lib, o‘tgan yili gektariga o‘rtacha 20-22 sentnerni tashkil etganini albatta ijobiy baholab bo‘lmaydi.

Bunday holatning sabablari haqida ko‘p gapirmasdan, birgina masala – ya’ni, Xorazmning tuproq, suv va iqlim sharoitiga har tomonlama mos keladigan, serhosil va ertapishar navlarni yaratish masalasini olaylik.

Ma’lumki, Xorazm viloyatida 20-30 yil davomida “175-F” degan g‘o‘za navi ekib kelindi. Aytish kerakki, bu juda injiq, nozik nav bo‘lib, bugungi kunda undan voz kechildi. Hozirgi vaqtda viloyatda “Mehnat” va “Xorazm-127” navlari ekilmoqda. Ular yangi rayonlashtirilgan navlar bo‘lib, afsuski, hosildorligi va dunyo bozorida xarid narxi yetarli darajada emas.

Bularning barchasini inobatga olgan holda, avvalambor, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi va mutasaddi idoralar vohada seleksiya va urug‘chilik, navlarni tanlab ekish va sinovdan o‘tkazish ishlarini kuchaytirish va shu asosda mahalliy sharoitga mos keladigan istiqbolli g‘o‘za navlarini yaratish masalasini hal qilishi zarur, deb ta’kidladi Prezident.

Bugungi kunda viloyatda aholini ish bilan ta’minlash ham kun tartibida dolzarb bo‘lib turibdi. Shu borada birinchi navbatda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish bilan bog‘liq muammolarni hal etishga alohida e’tibor qaratish kerak. Bu masala bo‘yicha mavjud ahvolning tahlili shuni ko‘rsatadiki, 2007 yilda kasb-hunar kollejlarini tugatgan qariyb 15 ming 900 nafar o‘quvchining faqat 9 ming nafari ishga joylashtirilgan, xolos.

Vazirlar Mahkamasining yaqinda bo‘lib o‘tgan majlisida bu masalaga mamlakatimiz rahbari alohida to‘xtalgan edi. Bu o‘ta muhim masalani tegishli mutasaddi tashkilot va idoralar mahalliy hokimiyat vakillari bilan birgalikda har tomonlama chuqur o‘rganib, kasb-hunar kollejlarini bitirib chiqayotgan yoshlarimizni zamonaviy ish o‘rinlari bilan ta’minlashga qaratilgan amaliy choralarni ko‘rishlari shart, dedi Prezident.

Viloyatda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish, yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha ichki imkoniyatlarni ishga solish, homiylarni jalb etish masalasida, afsuski, ko‘pgina tuman va shahar rahbarlarida tashabbus yetishmayotganini ochiq aytishga to‘g‘ri keladi.

Hozirgi kunda mamlakatimizning qaysi hududiga bormang, obod va to‘kin, odamning havasini tortadigan bozorlarni ko‘rasiz. Bozorlar yurtimiz obodligi, xalqimiz farovonligining ko‘zgusiga aylanib qoldi. Lekin, taassufki, Xorazm viloyatining hamma tumanlarida ham bu masala hal etilgan, deb bo‘lmaydi. Xususan, viloyatdagi mavjud 28 ta dehqon va buyum bozorining 16 tasi qayta qurish va ta’mirlashga muhtoj ekani ana shunday xulosa chiqarishga asos beradi.

Yurtboshimiz sessiya ishtirokchilarining e’tiborini Urganch shahrining bosh maydonini tartibga keltirish, uni milliy va zamonaviy me’morchilik yutuqlari asosida qaytadan barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga qaratdi.

Afsuslanarli tomoni shundaki, viloyatning qiyofasini ko‘rsatadigan, ta’bir joiz bo‘lsa, uning yuzi bo‘lgan mana shu maydonni obod qilish, bu yerda odamlar uchun har tomonlama qulaylik yaratish masalasi uzoq yillar davomida viloyat va shahar rahbariyatining e’tiboridan mutlaqo chetda bo‘lib keldi.

Faqatgina Toshkentdan turib, ushbu masalani bir necha marta kun tartibiga qo‘yib, malakali mutaxassislarni jalb etgan holda, tegishli loyihalar ishlab chiqilganidan keyingina bu borada amaliy ishlar boshlanganini aytish lozim.

Shundan so‘ng Prezidentimiz viloyatda qonunchilikni ta’minlash, huquq-tartibot sohasidagi ahvol, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlash lozimki, bu sohadagi vaziyat tashvish uyg‘otadi. Viloyatda birgina 2007 yilning o‘zida og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar, qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish, bosqinchilik, bezorilik ko‘rsatkichlari sezilarli darajada o‘sgani, voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi jinoyatlar ko‘paygani kuzatilyapti. Keyingi yillarda mansabdor shaxslar tomonidan poraxo‘rlik va o‘z xizmat vazifasini suiiste’mol qilish, ularning sodir etilayotgan jinoyatlarda ishtirok etgan holatlari bo‘yicha misollarni keltirish mumkin.

Prokuratura organlari tomonidan olib borilgan tergov materiallari asosida sud hukmi bo‘yicha mana shu jinoyatlarni sodir etgan shaxslardan yetkazilgan iqtisodiy zarar to‘liq undirib olindi va ular qonun talablariga muvofiq javobgarlikka tortildi.

Hech shubhasiz, hayotimizda hali-beri uchrab turadigan bunday jirkanch ishlarning oldini olish, ularni tag-tomiri bilan bartaraf etish – bu avvalambor qonun muhofazasida, qonun himoyasida turgan idoralar – bu prokuratura bo‘ladimi, militsiya yoki sud organlari bo‘ladimi – ularning asosiy vazifasi va burchi bo‘lishi kerak, deya ta’kidladi davlatimiz rahbari.

Nega deganda, bunday holatlar jamiyatimizning oldinga yurishiga, yurtimizning barqarorligini saqlashga, fuqarolarimizning tinchligi va himoyasini ta’minlashga, eng muhimi, odamlarimizning ertangi kunga, adolatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga katta zarar yetkazadi.

Fuqarolarimiz qonun ustuvorligini, sodda qilib aytganda, kim qayerda, qaysi lavozimda ishlashidan qat’i nazar, qonun barchamiz uchun barobar ekanini va qonunni buzgan taqdirda hamma uchun jazo muqarrar bo‘lishining tasdig‘ini amalda ko‘rishi shart.

Shundan keyin aholining hokimiyatga ham, adolatga ham ishonchi kuchayishi va jamiyatimizda sog‘lom muhitni tashkil qilishimiz mumkin bo‘ladi.

Shu ma’noda, mana shunday tamoyillarni hayotimizda har tomonlama qaror toptirish, odamlarning hokimiyatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash avvalambor shu yurtning yetakchisi bo‘lmish rahbarga, hokimga ko‘p jihatdan bog‘liq ekanini anglash qiyin emas. Bu haqiqatni ko‘p-ko‘p hayotiy misollarda ko‘rish mumkin va bugun buni ortiqcha isbot qilib o‘tirishga hojat yo‘q.

Shundan keyin Prezident kun tartibiga qo‘yilgan tashkiliy masala haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Xorazm viloyati hokimi vazifasida ishlab kelgan Islom Bobojonovning faoliyatiga baho beradigan bo‘lsak, shuni aytish kerakki, bu odam to‘qqiz yil davomida viloyatga rahbarlik qildi. Tabiiyki, Xorazm vohasining ana shu davrda erishgan barcha yutuqlarida uning ham hissasi bor.

E’tirof etish kerak – bu rahbar dastlabki paytlarda faol ishladi, mavjud muammolarni yechish, kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish, viloyatni rivojlantirish uchun ancha harakat qildi. Lekin, ochig‘ini aytish kerakki, keyingi yillarda viloyatda qonun ustuvorligi va adolatni ta’minlashda prinsipiallik ko‘rsata olmadi, atrofida girdikapalak bo‘lib yurgan har xil xushomadgo‘y kimsalarga, tanish-bilish, qarindosh-urug‘lariga nisbatan sezgirligi va qat’iyatini yo‘qotdi. Va eng achinarli tomoni shuki, jinoyat yo‘liga o‘tgan, qing‘ir-qiyshiq ishlar bilan shug‘ullanib yurgan buzg‘unchi odamlarning ta’siriga tushib qoldi.

Men qayerda bo‘lmasin, o‘zimning ko‘plab chiqishlarimda bunday xavf-xatarlarning oldini olish haqida, rahbarlarning qat’iyatligi va halolligi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lishi zarurligi haqida qayta-qayta da’vat etishim bejiz emas, albatta, dedi Yurtboshimiz.

Ming afsuski, ko‘pgina holatlarda o‘zi shu yurtda tug‘ilib o‘sgan, uning suvini ichgan tuppa-tuzuk ba’zi insonlar mas’ul lavozimni egallagach, to‘rt-besh yil davomida boshi aylanib, irodasi susayib, o‘zini yo‘qotib qo‘yib, oqni qoradan ajratishga zaif bo‘lib qolar ekan.

Bu esa, muhitning buzilishiga, adolatsizlikka sabab bo‘ladi. Muhit buzilgan joyda esa, rahbarga ishonch va hurmat yo‘qoladi, ish o‘rniga guruhbozlik, o‘zaro ziddiyat va nizolar kuchayadi, yurtdan baraka ko‘tariladi.

Har qaysi rahbar – u hokim yoki vazir bo‘ladimi, korxona yoki jamoa boshlig‘i bo‘ladimi – o‘z qat’iyati va talabchanligini qachon ifoda etishi, qachon to‘la namoyon qilishi mumkin?

Qachonki boshqalarga o‘rnak bo‘lib, hech kimdan tili qisiq bo‘lmasa, hech kimning oldida muttahamligi bo‘lmasa. Odamlarning ko‘ziga tik qarab, boshini baland ko‘tarib yurishga qodir bo‘lsa.

Eng asosiysi, davlat va xalq ishonch bildirgan rahbarning oyog‘i yerdan uzilib, salbiy tomonga o‘zgarishini kimki odamlar sezmaydi, bilmaydi, deb o‘ylasa, qattiq yanglishadi.

El-yurt ko‘p narsadan xabardor, hammasini kuzatadi, yaxshi biladi, o‘z xulosasini chiqaradi. Natijada bunday rahbar odamlar o‘rtasida, jamoa nazarida, xalqning ko‘z o‘ngida o‘z obro‘sini yo‘qotadi, deb qayd etdi Prezidentimiz.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. I.Bobojonov Xorazm viloyati hokimi vazifasidan ozod qilindi.

Prezident Islom Karimov tavsiyasiga ko‘ra Xorazm viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan Ollabergan Ollaberganov Xorazm viloyati hokimi etib tasdiqlandi.

Vazirlar Mahkamasining 2007 yil yakunlari va 2008 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisida qabul qilingan qarorga asoslanib kelgusi yilda respublikamizni barqaror sur’atlar bilan rivojlantirish, aholining hayot darajasi va sifatini oshirish bo‘yicha maxsus dasturlar ishlab chiqilmoqda, dedi Yurtboshimiz. Bu dasturlarda barcha hudud va mintaqalarimiz qatori Xorazm viloyatini har tomonlama rivojlantirishga doir reja va loyihalar ham – bu sanoat yoki qurilish, qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘ladimi, yangi yo‘llar, gaz va suv tarmoqlari, ta’lim-tarbiya, madaniyat va shifo maskanlari yoki turarjoylar barpo etish bo‘ladimi – albatta o‘zining ifodasini topishi va amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Bunga hech kimda shubha bo‘lmasligi kerak.

Qadimiy Xorazm vohasining mamlakatimiz hayotida o‘ziga xos va o‘ziga mos betakror o‘rni bor. Xorazm ahli marrani baland qo‘yib, kelajakka katta umid va ishonch bilan qaraydigan xalq.

O‘z yurti, o‘z yeriga yuksak muhabbat va sadoqat tuyg‘usi, halol va mardona mehnati bilan buyuk ajdodlar ruhini e’zozlab, o‘zligini asrab kelayotgan bunday olijanob elga xizmat qilish o‘zini rahbar va yetakchi degan har qaysi inson uchun katta baxt, katta sharafdir.

Xorazm viloyatining bugun sizlar bilan saylab-tasdiqlab olgan yangi rahbari ana shu haqiqatni o‘zi uchun asosiy mezon deb bilsa, shu asnoda odamlarning qalbiga yo‘l topib, butun voha ahlini o‘z ortidan ergashtira olsa, hech shubhasiz, el-yurt ishonchini oqlashga erishadi, dedi pirovardida Islom Karimov.

Sessiyada so‘zga chiqqan “Mahalla” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi R.Qutlimurodov, Qizil yarim oy jamiyati Bog‘ot tumani bo‘limi raisasi B.Masharipova, “Toshsoqa irrigatsiya tizimlari” boshqarmasi boshlig‘i SH.Bekjonov, Ma’naviyat targ‘ibot markazi viloyat bo‘limi rahbari G.Ibodullayeva va boshqalar Prezidentimiz nutqida bildirilgan fikrlardan tegishli xulosa chiqarib, qo‘yilgan vazifalarni mas’uliyatni chuqur his etgan holda, uyushqoqlik va tashabbuskorlik bilan ado etish viloyat ahlining bugungi kundagi asosiy vazifasi ekanini alohida ta’kidladilar.

http://uza.uz/uz/politics/2405/


 
 
 

© 2004-2009, Nuu.Uz

Âñå ïðàâà çàùèùåíû