Asqad Muxtor
Asqad Muxtor (1920—1996) Shoir va yozuvchi. 1920 yilning 23 dekabrida Fargʻona shahrida tugʻilgan. Bolalar uyida tarbiyalangan. 1936 yilda maktabni bitirgan. Toshkentda jurnalistika kursida oʻqigan. Soʻng 1938 yilda Samarqanddagi OʻzDU filologiya fakultetiga oʻqishga kiradi. 1943—1945 yillarda Andijon pedogogika institutida oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasida mudir boʻlib ishlagan.Soʻngra u «Yosh leninchi», «Qizil Oʻzbekiston» gazetalari, «Sharq yulduzi», «Guliston» jurnallarida ishladi. Oʻzbekistondagi birinchi haftalik gazeta — «Oʻzbekiston adabiyoti va san'ati»ning tashkilotchilaridan biri. Yozuvchilar uyushmasida kotiblik qildi.
1996 yilning 17 aprelida vafot etdi.
«Poʻlat quyuvchi» (1947), «Hamshaharlarim» (1949), «Rahmat, mehribonlarim» (1954), «Chin yurakdan» (1956), «99 miniatyura» (1962), «Karvon qoʻngʻirogʻi» (1964), «Sheʼrlar» (1966), «Quyosh belanchagi» (1971), «Sizga aytar soʻzim» (1978) singari sheʼriy kitoblar yozdi. Oʻzbek sheʼriyatiga chuqur tafakkur va murakkab tuygʻular tasvirini olib kirdi.
Prozaik sifatida «Daryolar tutashgan joyda» (1950), «Qoraqalpoq qissasi» (1958), «Buxoroning jin koʻchalari» (1980), «Jar yoqasidagi chaqmoq» (1982), «Kumush tola» (1987) qissalari, «Opa-singillar» (1955), «Tugʻilish» (1960), «Davr mening taqdirimda» (1964), «Chinor» (1969), «Amu» (1984) romanlarini yozdi. Bu asarlarida inson maʼnaviyatining qadri, odamning bosh fazilati har qanday holatda ham insoniylik ekanligini samimiy tasvirladi.
Sofokl, Tagor, Pushkin, Lermontov, Blok, Mayakovskiy singari adiblarning asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.