на русском  |  o’zbekcha

Begali Qosimov

Begali Qosimov (1942—2004) Adabiyotshunos Begali Qosimov 1942 yil 19 dekabrda Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumani Devov qishlogʻida tugʻilgan. Ilmiy-pedagogik faoliyati Oʻzbekiston Milliy umiversiteti oʻzbek filologiyasi fakulteti bilan bogʻliq: 1958—1963 yillarda talaba, 1963—1968 yillarda aspirant, 1966 yildan oʻqituvchi, dotsent, professor, kafedra mudiri lavozimlarida ishlab kelmoqda.

1968 yili «Mirmuhsin Shermuhamedov (Fikriy) va uning adabiy muhiti» mavzuidagi nomzodlik, 1984 yili «XX asr boshi oʻzbek poeziyasi (inqilobiy she'riyatning shakllanishi va taraqqiyoti) masalalari. 1905—1917» mavzuidagi doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi.

B. Qosimov oʻzbek mumtoz va yangi adabiyoti muammolari boʻyicha tadqiqotlar yaratgan. Lekin ijodining mohiyatini milliy uygʻonish, maʼrifatchilik adabiyoti muammolari, siymolari ijodi, taqdiri masalalari qiziqtiradi. Bu hol uning ilmiy asarlarida yaqqol koʻrinadi.

U turkiy olamdagi uygʻonish, adabiy aloqalararo bogʻliqlik masalalarini mufassal oʻrgandi va oʻrganmoqda. Turkiya Otaturk kultur markazi faxriy aʼzosi, Turkiya Otaturk Arashtirma markazi muxbir aʼzosi (1998). Anqarada nashr etilayotgan 33 jildlik «Turk dunyosi adabiyoti» nashrining oʻzbek adabiyoti boʻyicha mutasaddisi.

B. Qosimov Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi (1999), oʻndan ortiq darslik va qoʻllanmalar, 10 nomda alohida asarlar, 200 ga yaqin ilmiy maqolalar muallifi. Oʻzbekiston Milliy universiteti Milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti kafedrasi asoschisi (1993), mudiri. Kafedraning keng xalqaro ilmiy-pedagogik aloqalari mavjud. Olimning asarlari rus, turk, fransuz va tatar tillariga tarjima qilingan.