на русском  |  o’zbekcha

Boborahim Mashrab

Boborahim Mashrab (1653—1711) Ulugʻ oʻzbek shoiri, tasavvuf adabiyotining yetuk namoyandasi Boborahim Mashrab Mulla Vali oilasida (1653) dunyoga kelgan. Mullo Bozor Oxund qoʻlida oʻqiydi. 1665 yilda Qashqarga Ofoq Xoʻja huzuriga borib bilimini yanada chuqurlashtiradi. 1673 yildan boshlab umrining oxirigacha qalandarlarcha hayot kechiradi. Balx hokimi Mahmud Qatagʻon tomonidan (1711) dorga osiladi.

Majzub Namangoniyning «Tazkiratul-avliyo», Ishoq Bogʻistoniyning «Tazkirai qalandaron», Maleho Samarqandiyning «Muzakkiri asxob» kabi tazkiralarida, Hakimxon toʻraning «Muntaxabut-tavorix», Mirzo Olimning «Ansobus-salotin» asarlarida ham shoir haqida ayrim maʼlumotlar uchraydi. Mashrab haqida mukammalroq tasavvur hosil qiluvchi manba «Qissai Mashrab» («Shoh Mashrab», «Devonai Mashrab» nomlari bilan ham uchraydi)dir. Uning koʻpgina qoʻlyozma va toshbosma nusxalari mavjud.

Mashrab asarlari bir necha marta chop etilgan (1958, 1960, 1963, 1971, 1979, 1990). Shoir merosi «Qissayi Mashrab» orqali yetib kelgan. Asarda Rindiy, Umar, Mahvash, Zinda va Mansur taxalluslari ham uchraydi.

«Mabdai nur» va «Kimyo» asarlari muallifligi borasida munozara mavjud. 1997 yilda «Mabdai Nur» (Jaloliddin Rumiy «Masnaviyi maʼnaviy»siga sharh) Boborahim Mashrabning asari sifatida chop etildi.

Mashrab ijodi haqida rus sharqshunoslari N.I.Veselovskiy, N.S.Likoshin, V.L.Vyatkin; oʻzbek adabiyotshunoslari Izzat Sulton, V.Zohidov, I.Moʻminov, Gʻafur Gʻulom, A.Hayitmetov, V.Abdullaev, A.Abdugʻafurov, E.Shodiev, I.Abdullaev, J.Yusupovning tadqiqot va maqolalari bor.

Sheʼrlar

Sigʻmamdur

Ajab majnun erurman, dasht ila sahrogʻa sigʻmamdur,
Dilim daryoyi nurdur, mavj urub dunyogʻa sigʻmamdur.

Shariat ham, tariqat ham, haqiqat mendadur mavjud,
Chu sultoni azaldurmanki, arshi aʼlogʻa sigʻmamdur.

Xaliloso bu yoʻlda otashi Namrud — meʼrojim,
Hamon durri haqiqatmanki, har dunyoga sigʻmamdur.

Rizo mulkidaman, halqumni tuttum tigʻI Akbarga,
Bu yoʻlda siynai poki Zabunullogʻa sigʻmamdur.

Agarchande ziyorat qilmadim men Kaʼbayi zohir,
Tariqat hojisidurmanki, Baytulloga sigʻmamdur.

Gahi boʻldum faqiru, gohi shohu, gah gadodurman,
Ajab devonaman, fardoki mahshargohgʻa sigʻmamdur.

Maqomi hayrat ichra gohi xudman, gohi bexudman,
Junun bozorida mastmanki, istigʻnogʻa sigʻmamdur.

Gah oʻrus, gohi cherkas, gohi moʻmin, gohi tarsoman,
Ne kavnayni miyoni lou illollogʻa sigʻmamdur.

Mudom miskin erurman chun gʻuloming — Mashrabingdurman,
Meni bechora bu dunyo bilan uqbogʻa sigʻmamdur.

Oʻttum

Ishq vodisidin bir kecha men «hay-ha»lab oʻttum,
Monandi nayiston guligʻa oʻt qalab oʻttum.

Ofoqni bir lahzada kezdim, na ajabdur,
Mino togʻidin akkasifat hakkalab oʻttum.

Ottim fashi-dostorini devonaligʻ aylab,
Parvonasifat jonimi oʻtqa qalab oʻttum.

Bildimki, vafosi yoʻq ekan ushbu jahonni,
Mardona boʻlub, balki, etak siltalab oʻttum.

Dunyo yasanib, jilva qilib oldima keldi,
«Borgʻil nari!» deb (ketigʻa) bir shattalab oʻttum.

Bildimki oni, dushmani makkorayi ayyor,
«Lo» tirnogʻI birla yuzini tirmalab oʻttum.

Mardoni xudo dediki: «Dunyo mayi achchigʻ»,
Achchigʻligini bilmak uchun bir yalab oʻttum.

Nafs kofiri birla tunu kun qildim urushni,
Tanho qilichi birla urub, qiymalab oʻttum.

Xomush pichogʻin har dam oning boʻgʻziga qoʻydum,
Choʻgʻ nayzasi birla koʻzini nayzalabb oʻttum.

Devonayi Mashrab, bu soʻzung dardga davodur,
Oshiq elining koʻngligʻa bir oʻt qalab oʻttum.