на русском  |  o’zbekcha

Erkin Vohidov

Erkin Vohidov — taniqli oʻzbek shoiri va jamoat arbobi. 1936 yilning 28 dekabrida Oltiariq tumanida oʻqituvchi oilasida tugʻilgan. Toʻqqiz yoshida otasidan, bir yildan soʻng onasidan ajralgan. Toshkentlik togʻasi Karimboy Sohiboev qoʻlida tarbiyalangan. ToshDU (hozirgi OʻzMU)ning oʻzbek filologiyasi fakultetida (1955—1960) tahsil olgan. Soʻng turli nashriyot va gazeta-jurnallarda ishladi. Respublikamiz yoshlarining birinchi jurnali «Yoshlik»ning asoschisi (1982).

U I va II chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati. Hozir qoʻmita raisi vazifasida ishlamoqda. Keyingi yillarda Oʻzbekiston Oliy majlisining qoʻmita raisi vazifasida ishlamoqda. Uning birinchi kitobi «Tong nafasi» 1961 yilda chop etildi. Shundan soʻng uning «Qoʻshiqlarim sizga» (1962), «Yurak va aql» (1963), «Mening yulduzim» (1964), «Nido» (1964), «Lirika» (1965), «Palatkada yozilgan doston» (1966), «Yoshlik devoni»(1969), «Charogʻbon» (1970), «Quyosh maskani» (1972), «Tirik sayyoralar» (1978), «Sharqiy qirgʻoq» (1981), «Kelajakka maktub» (1983), «Muhabbat» (1984), «Hozirgi yoshlar» (1986), «Iztirob» (1991), «Yaxshidir achchiq haqiqat» (1992) kabi sheʼriy toʻplamlari nashr qilindi. Shoir inson ruhiyatining nozik va ilgʻash mushkul manzaralarini taʼsirchan aks ettiradi. Odamni komil koʻrmoq istagi uning sheʼrlari asosini tashkil qiladi.

Toʻplam

«Nido» (1964), «Palatkada yozilgan doston» (1966), «Charogʻbon» (1970), «Ruhlar isyoni» (1980), «Koʻhinur» (1982) kabi dostonlar yozgan. «Oltin devor», «Istambul fojeasi», «Ikkinchi tumor» kabi dramalar muallifi. S. Esenin, A. Tvardovskiy, M. Iqbol, G. Emin, R. Hamzatov sheʼrlarini, Gyotening «Faust» asarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. 1999 yilda Oʻzbekiston Qahramoni unvoniga sazovor boʻldi.