на русском  |  o’zbekcha

Jahon otin Uvaysiy

Jahon otin Uvaysiy (1780—1845) Atoqli shoira, oʻzbek shoirlari murabbiysi Jahonotin Uvaysiy Margʻilonda tugʻilgan. Otasi Siddiq bobo ikki tilda sheʼrlar yozgan. Onasi Chinnibibi otinoyi boʻlib, akasi Oxunjon hofiz sifatida mashhur edi. Uvaysiyni Hojixon ismli kosibga uzatishgan, biroq shaxsiy hayoti quvonchli kechmagan. U Nodira bilan hamdardlikda Qoʻqonda xon saroyida yashay boshlaydi. 65 yoshligida Margʻilonda vafot etadi.

Uvaysiyning 15.000 misraga yaqin sheʼriy asarlari mavjud. Uning bir devoni OʻR FA ShIda saqlanadi (inv.№ 1837). Unga shoiraning gʻazal, muxammas, musaddas, murabbaʼlari va «Shahzoda Hasan» hamda «Voqeoti Muhammadalixon» dostonlari kiritilgan. Shoira devonining 3 nusxasi topilgan."Shahzoda Hasan", «Shahzoda Husayn» kabi dostonlari mavjud, «Voqeoti Muhammadalixon» nomli tarixiy asari tugallanmagan.

Uvaysiy hayoti va ijodi haqidagi maʼlumotlar uning asarida, ayrim tazkiralarda yetib kelgan. «Majmuai shoiron» tazkirasida (1821) ham shoira ijodiga munosabat bildiriladi. Ijodini izchil ilmiy yoʻnalishda oʻrganish 30-yillarda boshlangan. Uvaysiy ijodi A.Qayumov, T.Jalolov, I.Haqqulov, E.Ibrohimova v.b. tomonidan oʻrganilgan.

Gʻazallar

Sogʻindim

Bugun, ey doʻstlar, farzandi jononimni sogʻindim,
Gado boʻlsam, ne ayb, ul shohi davronimni sogʻindim.

Musofirman, gʻaribman, bekasu ham benavodurman,
Vujudim darda toʻldi, emdi darmonimni sogʻindim.

Tilimning zikriyu koʻnglimni fikri, yaxshi farzandim,
Azizim, yolgʻuzim, davlatli sultonimni sogʻindim.

Kecha-kunduz yoʻligʻa muntazirdurman, tikarman koʻz,
Kelib holim soʻrubon ketsa, mehmonimni sogʻindim.

Nasibin uzmadi tangrim, ilojin topmagʻay kelsa,
Onam deb boʻlgʻusi bagʻri qizil, qonimni sogʻindim.

Qorongʻu boʻldi olam koʻzima ushbu judolikdin,
Koʻzu koʻnglum ziyosi, mohi tobonimni sogʻindim.

Meni bekas Uvaysiy yigʻlagʻayman roʻzi shab tinmay,
Uyimning ziynati, koʻz ravshani, xonimni sogʻindim.

Qabul etkil

Kelibman dargahingga, shohi xoʻbonim, qabul etkil,
Bagʻir qonim bila bul chashmi giryonim qabul etkil.

Umid aylab talab olmoqqa kirdim rohi pokingga,
Yoʻlingda aylagan faryodu afgʻonim qabul etkil.

Tushubdur boshima savdoyi ishqing, ey shahanshohim,
Alam bozorida bul dardi pinhonim qabul etkil.

Oʻtubdur gavhari noyobi umrim toki gʻaflatda,
Tazarru' zor ilan qilgʻon pushaymonim qabul etkil.

Tegibdur novakingdin necha oʻq jismim aro pinhon,
Shahidi ishq oʻlmoqqa oqan qonim qabul etkil.

Uvaysiy garchi noqobil, kelibdur ostoninggʻa,
Figʻonu ohi soʻzonini, sultonim, qabul etkil.