Maqsud Shayxzoda
Maqsud Shayxzoda (1908—1967) Taniqli shoir va dramaturg. U aslida ozarbayjon millatiga mansub boʻlib, 1908 yilda Oqtosh shahrida vrach oilasida tugʻilgan. Oʻrta maʼlumotni Oqtoshda olgan 1921—1925 yillarda Boku dorulmualliminida oʻqigan. Keyin Dogʻistonning Darband, Boʻynoq shaharlarida muallimlik qilgan. Shu davrda millatchi sifatida sudlanib, Toshkentga surgun qilinadi. Turli tahririyatlarda xizmat qiladi. 1938 yildan to umrining oxirigacha Nizomiy nomidagi pedagogika institutida ishladi. 50-yillarning boshida shoʻrolarga qarshi faoliyatda ayblanib, 25 yilga qamaldi. Shaxsga sigʻinish fosh etilgach, 1956 yilda qamoqdan chiqarildi.1967 yilda vafot etgan. 1932 yilda «Oʻn sheʼr» nomli birinchi sheʼrlar toʻplami chiqqan. Sheʼrlari falsafiy umumlashmalarga boyligi, mumtoz poetika taʼsirining kuchliligi bilan ajralib turadi. «Toshkentnoma» (1958) dostoni poytaxt haqida yozilgan badiiy faxriyadir.
«Jaloliddin Manguberdi» (1944), «Mirzo Ulug`bek» (1960) nomli dramalar yozgan. Navoiy gʻazallari badiiyatiga bagʻishlangan tadqiqotlari hozirga qadar ham oʻz qimmatini yoʻqotmagan. Shekspir, Nozim Hikmat va qator rus adiblarining asarlarini oʻzbekchaga tarjima qilgan.