Nodira
Nodira (Komila) (1792—1842) Taniqli shoira, davlat arbobi. Asl ismi Mohlaroyim, Andijon hokimi Rahmonqulibiy oilasida dunyoga keldi. 1808 yilda oʻsha paytda Margʻilon hokimi boʻlgan Amir Umarxonga turmushga chiqadi. 1810 yilda akasi Olimxon oʻrniga taxtga chiqqan Umarxon bilan Qoʻqonga keladi. 1822 yil Umarxonning fojeali vafotidan soʻng oʻgʻli Maʼdalixon bilan birga Qoʻqon xonligini boshqaradi. Madrasa, masjid, karvonsaroylar qurdiradi. Ilm ahliga rahnamolik, faqirlarga homiylik qiladi. 1842 yil Buxoro xoni Amir Nasrulloh tomonidan qatl etiladi.
Nodiraning sheʼriy merosi bir nechta devonlarining qoʻlyozmalari (inv. № 7768, 660, 2090) orqali yetib kelgan.Oʻzbekcha sheʼrlarida Komila va forsiyda Maknuna taxalluslari bilan ham asarlar yaratgan. Uning 10.000 misraga yaqin asari yetib kelgan. Gʻazal, muxammas, ruboiy, fard kabi koʻplab janrlardan faol foydalangan. Sheʼrlarida Navoiy, Fuzuliy, Bedil anʼanalarini davom ettirgan. Nodira gʻazallarida firoq, dard iztiroblari samimiy bayon qilingan. Nodira devoni muqovasi
Nodira hayoti va ijodini oʻrganish oʻz davridanoq boshlangan. Hakimxon Toʻraning «Muntaxabut-tavorix», Avazmuhammad Attorning «Tuhvatut-tavorix», Ishoqxon Toʻraning «Tarixi Fargʻona», Mushrifning «Ansobus-salotin va tavorixi xavoqin» kabi tarixiy asarlarda, Uvaysiyning «Voqeoti Muhammadalixon», Nodir-Uzlatning «Haft gulshan» nomli dostonlarida Nodiraning iqtidori, faoliyati borasida qimmatli maʼlumotlar bayon etilgan.
Ijodi A.Qayumov, T.Jalolov, X.Razzoqov, M.Qodirova kabi olimlar tomonidan oʻrganilgan.
Andijonda shoira nomiga shahar markazidagi shohkoʻchalardan biri, kinoteatr va boshqa madaniy muassasalar qoʻyilgan.
Gʻazallar
Muhabbatsiz kishi odam emasdur
Na gul sayr ayla, na fikri bahor et,Jahondin kech, xayoli vasli yor et.
Muhabbatsiz kishi odam emasdur,
Gar odamsan, muhabbat ixtiyor et.
Uzoru qaddu raftoringni koʻrsat,
Chaman sarvu gulini sharmisor et.
Labi maxmurdadurmen, jomi may tut,
Karam qil, soqiyo, daf’i humor et.
«Analhaq» mojarosin aylading fosh,
kel, ey Mansur, istiqboli dor et.
Duru ashku aqiqi xuni dilni
Kelu yoring ayogʻigʻa nisor et.
Kuyib, ey Nodira, olam eligʻa
Muhabbat shevasini oshkor et.
Dodim eshit
Doda keldim, ey salotin sarvari, dodim eshit,Sen shohu, men benavo, lutf ayla, faryodim eshit.
Dudi ohim shu’lasi husning dabiristonida
Misraʼi barjastadur, ey sarvi ozodim, eshit.
Sarvinozim, sendin ayru naxli ohim boʻldi xam,
Qomating hajrida sindi shoxi shamshodim, eshit.
Har nechakim, sabr taʼmirini bunyod ayladim,
Ashk selobida vayron oʻldi obodim, eshit.
Barcha yoru oshnodin aylading begonaligʻ,
Necha kunlar boʻldi hargiz qilmading yodim, eshit.
Kelki, bir soat seni koʻrmoq uchun mushtoqmen,
Telba boʻldim sendin ayru, ey parizodim, eshit.
Nodira bodi sabodin senga irsol etgali
Qildi insho bu gʻazalni tab’i noshodim, eshit.