Oʻrxun-Enasoy obidalari
O`rxun-Enasoy obidalari 5-7 asrlarda qadimgi turk tilidagi va yozuvidagi tarixiy yodgorlik sifatida qadrli. Mo`g`ulistondagi O`rxun va Janubiy Sibirdagi Enasoy daryolari sohillarida topilgani uchun ham shunday nomlangan. Mo`g`ulistondan Shimoliy dengizlargacha, Uraldan Saxalinga qadar davom etgan hududda shu yozuvdagi yodnomalar uchraydi. Shimoliy Kavkazda 15 asrda ham O`rxun yozuvidan foydalanilgan. O`zbekiston hududida (Farg`ona, Surxondaryo v.b. joylar) dan 20 dan ortiq turkiy-run yozuvi yodgorliklari topilgan.
Yirik O`rxun bitiklari Kultigin, Bilga xoqon, To`nyuquq va boshqa bu yozuvdagi yodnomalar (mas. Irq bitigi) adabiy manba sifatida qahramonlik qissa va dostonlariga mazmunan yaqin keladi. Kultigin bitiktoshi 732 y. Turk xoqonligi (551—745)ning lashkarboshisi sharafiga o`rnatilgan.
Bitiktosh ikki qismdan: Kichik va Ulug` bitikdan (muallifi Yo`llig tigin) iborat. Vatan manfaati yo`lida xizmat qilish, mamlakatning mustahkam, osoyishta bo`lishi uchun kurash bitikoshlarda bosh maqsad ekani aytiladi. Asarda Tabg`ach, Tibet, Sug`d, Turgash, Qirg`iz kabi joy nomlari tilga olingan. Enasoy bitiklari marsiya va madhiya janrlarining qadimgi turk adabiyotidagi ildizlari haqida tasavvur beradi.
Bitiktoshlar 19 asr oxirlarida topilib, U.Tomsen tomonidan o`qilgan va ilmiy muomalaga kiritilgan. Ba`zi yodgorliklar deshifrovka qilingan emas. AQSh, Polsha, Vengriya, Finlyandiya va Turkiyada ham o`rganilgan. Rossiyada V.Radlov, S.Malov, I.Stebleva ishlari ma`lum. O`zbekistonda Fitrat, A.Qayumov, N.Rahmonov v.b. asardan namunalar va tadqiqot ishlarini chop qildirgan.