Shermuhammad Munis
Shermuhammad Munis (1778—1829) Yirik oʻzbek shoiri, tarixnavis, davlat arbobi Shermuhammad Munis Xiva yaqinidagi Qiyt qishlogʻida Avazbiy mirob oilasida (1778) tugʻildi. 1800 yilda otasi va ogʻa-inilari vafot etadi. Xorazmda Avazbiy inoq, va uning oʻgʻli Eltuzarxon davrida yashadi, saroyda bosh mirob vazifasini bajardi. Munis «Firdavsul-iqbol» nomli tarixiy asarini Eltuzarxonning taklifi bilan yozishni boshlaydi. Unda qadimiy tarixdan boshlab 1813 yilgacha boʻlgan voqealarni yozib qoldiradi. Asarni Ogahiy yakunlaydi. Munis 51 yoshida vabo kasalidan vafot etadi.
Munis «Munisul-ushshoq» («Oshiqlar doʻsti») nomli devon (1804-05) tuzadi. Bu devonning turli davrlarda koʻchirilgan, toshbosmalarda bosilgan bir necha nusxalari OʻzFAShI qoʻlyozmalar fondida saqlanadi(inv.¹ 1330, 1793, 7865, 940, 9556, 62, 63, 64, 9177, 10937). Munisning sheʼriy merosi 10000 baytga yaqin. U mumtoz adabiyotning deyarli barcha janrlarida ijod qilgan. Mirxondning «Ravzatus-safo» asarini oʻzbek tiliga tarjima qiladi. 1804 yilda arab alifbosini oʻrganishga bagʻishlangan «Savodi taʼlim» nomli sheʼriy manzumani yaratdi. Tarixiy asarlari N.Muravev, N.Veselovskiy, V.Bartold, R.Ivanov, S.Tolstov, Ya.Gʻulomov, Q.Munirov tomonidan, adabiy merosi V.Abdullaev, S.Dolimov, R.Majidiy, N.Jumaev v.b. olimlar tomonidan oʻrganilgan.
Gʻazallar
Base gʻam boridin…
Base gʻam boridin chekmish ogʻirni,Yogʻir boʻlmish hazin koʻnglim yogʻirni.
Falak gʻam yuklarin solgʻonda elga,
Yogʻirnimgʻa mening qoʻymish ogʻirni.
Bilursan gʻam yukin koʻp chekkanimni
Yogʻirnim ustida koʻrsang yogʻirni.
Iting koʻrsam, manga uns aylasun deb,
Berurman gah koʻnguln, gah bogʻirni.
Raqib ollingda boʻlmoqdin hazinman,
Tilarman koʻrmasam ul boʻlmogʻirni.
Zamon ahligʻa boʻlmish shikva oyin,
Netong, sevsam agar gungu sogʻirni.
Najote istasang Munisgʻa gʻamdin,
Ayoqchi, tut anga har dam chogʻirni.
Hanuz
Vahki, ul zolim meni mazlumga qotil hanuz,Yaʼni agʻyorimgʻa yuz ming mehr ila moyil hanuz.
Yoshurun sirrimni demay, xalq anglab, voykim,
Aytib anglatmoq bila holimni ul gʻofil hanuz.
Vah, nechuk bahr erdi hijronkim, minib gʻam zavraqin,
Har necha qatʼ aylaram, mavjud emas sohil hanuz.
Koʻzu koʻnglumdin balogʻa qoldim, ore, kimsaga
Sud yetkurgan emas ahbobi noqobil hanuz.
Nafyi ilmi ishq etib, qilmoq nedur isboti vavq,
Kelmamish, zohid, jahongʻa sen kibi johil hanuz.
Muniso, hushing bor ersa, dahri dun tarkini tut
Kim, oning boʻlgʻon emastur moyili oqil hanuz.